Manbaga koʻra, qoʻmita raisi Sherzod Kudbiyev Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Sherzod Kudbiyev uchrashuv avvalida koʻp asrlik doʻstlik va mustahkam ishonchga asoslangan oʻzbek-koreys muloqoti bugungi kunda ham izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, janob elchiga mamlakatimizdagi faoliyati davomida Koreya Respublikasi Milliy soliq xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlar yanada yuqori bosqichga koʻtarilishiga ishonch bildirdi.
Taʼkidlash lozim, Oʻzbekiston soliq maʼmurchiligini takomillashtirish yoʻlida olib borilayotgan izchil islohotlarda Koreya Respublikasi eng yaqin hamkorlarimizdan biri sanaladi.
Mamlakatimiz Prezidentining joriy yilda Davlat soliq qoʻmitasiga tashrifi davomida aynan Koreya Respublikasida Oʻzbekiston soliq xizmati xodimlari malakasini oshirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Shu nuqtayi nazardan uchrashuvda Koreya tajribasini oʻrganish maqsadida, doimiy ravishda Oʻzbekiston soliq organlari xodimlari uchun Koreya Milliy soliq xizmatida malaka oshirish tizimini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Oʻz oʻrnida elchi janoblari yuksak ishonch va yaqin hamkorlik, qolaversa, samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv uchun minnatdorlik izhor etib, ikki mamlakat soliq tizimi oʻrtasidagi aloqalarini yana-da mustahkamlanishida hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.