Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan Chiroqchidagi maktab filiali va shu kabi binolar masalasida fikr bildirdi.
Vazir Oʻzbekistonda 1170ta maktab filiallari mavjudligi, ulardan 300tasi aholi tomonidan qoʻlbola usulda qurilib, foydalanib kelinayotgani toʻgʻrisida maʼlumot bergan. Uning aytishicha, mazkur binolarni yopish yoki maktablar tarkibiga qoʻshib yuborish yoki oʻsha hududda yangi maktablar qurish masalasi mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan.
«Shu paytgacha maktablarga deyarli investitsiya kiritilmagan. Oxirgi ikki yilda maktabga boʻlayotgan investitsiya oʻzgardi. Ungacha asosan kollej va litseylarga investitsiya ajratilgan.
Tan olishimiz kerak, aholimizning ham, iqtisodiyotimizning ham moliyaviy ahvoli unchalik maqtanadigan darajada emas.
Chiroqchida ham, boshqa joylarda ham koʻp muhokamaga sabab boʻladigan masalalardan biri - filiallar. Filial degani nima? Aholi oʻsha joyga koʻchib borgan, lekin koʻpchiligining kadastr hujjati ham yoʻq. Oʻzi hashar yoʻli bilan qurgan binoni maktabni filiali qilib ochib qoʻygan. Chunki asosiy maktab uzoqda joylashgan. Qishloqlarda, togʻli hududlarda oʻqishga borish uchun transport yoʻq. Shuning uchun ham oʻsha maktablarning ahvoli qoʻrqinchli holatda boʻladi. Chunki ular paxsadan, qoʻl uchida qurilgan binolar. Bular davlat dasturi bilan qurilgan maktablar emas.
Bunga obyektiv sabablar ham koʻp. Chunki SSSR tarqalganidan keyingi davr taqqoslansa, shu paytgacha aholi soni eng koʻp oʻsgan davlat Oʻzbekiston boʻldi. 1990-yilga solishtirsak, aholi soni 16 mln kishiga oshgan. Keyingi oʻrinda joylashgan Tojikistonda aholi soni 4 mln kishiga koʻpaygan. Rossiyada esa aholi kamaygan.
16 mln kishining asosiy qismi yoshlar. Ular uchun koʻproq maktab, poliklinika va boshqa yangi zururiy inshootlarni qurishimiz kerak. Shuncha yilda qilinmagan ishni ikki yilda qilib boʻlmaydi.
Respublikada 1170ta shunday filial bor. Ularda hamma oʻquvchilardan bor yoʻgʻi 1 foizi oʻqiydi. Filiallar kichkina qurilgan, bittagina xonadan iborat. Bitta xonada 1, 2, 3-sinf ham oʻqiydi. Borsangiz qiziq-qiziq holatlarga guvoh boʻlasiz.
Ikkinchidan, oʻsha 1170ta filialdan taxminan 300tasi qoʻlbola usulda qurilgan. Aholi oʻzi qurib olgan. “Maktabga kelgin”, deyilsa joy uzoq. Boshqa bir joyda bu qishloqdagi odam “u qishloqqa bormayman” deydi.
Bu masalaga kompleks yondashish kerak. Umumiy vaziyatga qarsak, oʻsha qishloqlarda suv ham, yoʻl ham yoʻq. Bu boʻyicha vazifa qoʻyilgan. Yaʼni biror hudud rivojlanadigan boʻlsa, uning “genplani” boʻlishi kerak. Shu asosda uylar qurilishi, keyin ijtimoiy infratuzilma boʻlishi lozim.
Aholi oʻzboshimchalik bilan dala yoki togʻning oʻrtasiga koʻchib borib, u yerda yashaydigan boʻlsa, keyin shunaqa holat yuzaga keladi. Bogʻchasi ham, maktabi ham yomon ahvolga tushadi.
Bunaqa eski, qolib ketgan filiallar boʻyicha prezidentimiz tomonidan mahalliy hokimliklarga vazifa qoʻyilgan. Oʻsha maktablarning hammasini yoki taʼmirlash, yoki yopib asosiy maktabiga oʻtkazib yuborish yoki aholi soni oʻsadigan boʻlsa, oʻsha joyda yangi maktab qurib berish kerak», dedi Sherzod Shermatov.