TIV maʼlumotiga koʻra, Afgʻoniston va SHHTga aʼzo davlatlarning tashqi siyosat idoralari, Tashkilot Kotibiyati, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi rahbarlari tomonlarning Afgʻoniston yoʻnalishidagi qoʻshma harakatlari, keng qamrovli tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash choralari, Afgʻonistonni barqaror rivojlanish va iqtisodiy tiklanish yoʻliga qaytarishga doir masalalarni muhokama qildi, deya xabar beradi “Dunyo” AA.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri oʻz nutqida afgʻon muammosi bilan bogʻliq asosiy dolzarb masalalar boʻyicha mamlakatimiz mavqeyini maʼlum qildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Afgʻonistonning mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afgʻonistonga nisbatan Oʻzbekiston yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan doʻstona siyosat yuritadi.
Oʻzbekiston Afgʻonistondagi siyosiy jarayon faqat afgʻonlar tomonidan va Afgʻoniston xalqi rahbarligi ostida amalga oshirilishi zarurligi toʻgʻrisidagi asosiy tamoyilga sodiq ekanligi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida SHHTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi.