Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda respublikaning ixtisoslashgan oʻquv yurtlari oʻquvchilari va talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “SHHT jahon merosi Oʻzbekiston ijodkor yoshlari nigohida” mavzusidagi asarlar tanlovi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Mazkur tanlov SHHT mamlakatlarini birlashtiruvchi madaniy olamning noyob boyligi mohiyatini keng tushunish, isteʼdodlarning namoyon boʻlishi uchun sharoit yaratish, mustaqil va ijodiy fikrlovchi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ijodkor yoshlarning isteʼdodli vakillarini aniqlashda ajoyib imkoniyat yaratdi.
Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi rahbari Qobiljon Sobirov tanlov ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, asosiy maqsad SHHT mamlakatlari madaniyati, tarixi, anʼana va qadriyatlariga qiziqishini oshirishdan iboratligini taʼkidladi. Bugungi kunda xalq diplomatiyasi instituti ijodiy, taʼlim, ilmiy, targʻibot-tashviqot yoʻnalishlarida yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn, muzeyshunoslik hamda sanʼatshunoslik sohalarida faoliyat olib borayotgan yoshlarni munosib ragʻbatlantirib borishning ijobiy omili sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Taqdirlash marosimida faxriy mehmonlar qatorida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati, Ijodiy faoliyatni muvofiqlashtirish va badiiy loyihalar bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi Nargis Toshpoʻlatova, Milliy rasomlik va dizayn institutining katta oʻqituvchisi Vasiliy Xapov hamda P. Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabining Maʼnaviyat boʻyicha direktor oʻrinbosari Farhodjon Zokirjonov tanlovdagi ijodiy asarlarda katta rassomlarga xos qarash, ranglar uygʻunligidan sanʼat asari yaratganiga guvoh boʻlganlarini alohida taʼkidladi.
Mazkur tanlovga jaʼmi 200 ga yaqin ijodiy asarlar taqdim etilgan boʻlib, Buxoro, Jizzax, Xorazm, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent viloyati hamda poytaxtimizdagi ixtisoslashgan oʻquv yurtlari oʻquvchi va talabalari faol qatnashdi.
Ijodiy asarlar oʻziga xos, samimiy talqin etilgani bois tanlov hayʼati aʼzolariga gʻoliblarni aniqlash oson kechmadi.
Ijodiy asarlar orasida oʻzining mazmun-mohiyati bilan tanlov talablariga toʻla javob bergan insho muallifi — Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi-internati oʻquvchisi Sattorova Sevinch bosh sovringa munosib, deb topildi. “SHHT Jahon merosi Oʻzbekiston ijodkor yoshlar nigohida” mavzusida asarlar tanlovi talablariga toʻla javob bergan ijodiy asar muallifi, birinchi oʻrin sohibi — Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati oʻquvchisi Habibullayeva Aziza munosib taqdirlandi.
Shuningdek, asarlar tanlovning “Rang tasvir”, “Grafika”, “Haykaltaroshlik”, “Mavzuga mos ijod”, “Mahorat”, “Nafislik”, “Faol ustoz”, “Faol sanʼat-maktabi” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib deb topilganlarga esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi
markazining axborot xizmati