ShHT sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 13 Yanvar 2022 1254

    Ma’lumki, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2021-yil 17-sentabrda Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi yakunida Prezidentimiz uchrashuv ishtirokchilarini 2022-yil sentyabr oyida O‘zbekistonda o‘tadigan ShHTning navbatdagi sammitiga taklif etgan edi.

    Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Samarqandda ham ShHTning navbatdagi sammitiga tayyorgarlik ishlari faol amalga oshirilyapti.

    Bugun, 13-yanvarda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2022-yilgi sammitiga tayyorgarlik masalasi bo‘yicha «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universitetida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand shahrida joylashgan oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi masullari hamda olim va mutaxasislar ishtirok etdilar. Yig‘ilishni viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov olib bordi.

    Dunyo hamjamiyatida katta obro‘ va e’tiborga ega bo‘lgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitining Samarqandda o‘tkazilishi, mo‘ljallanayotgan sammitga turizm infrastrukturasini bekamu-ko‘st tayyorlash, xalqaro anjuman qatnashchilari va mehmonlariga xizmat qiladigan mehmonxona, umumiy ovqatlanish korxonalari hamda ko‘ngillilar va tarjimonlar guruhlarini shakllantirish, ularni o‘qitish va tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.

    Har bir yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlar shakllantirilib, ularning oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Jumladan, xizmat ko‘rsatish sohasidagi xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, tarjimonlarga ShHTning rasmiy tillarida muloqot qilishni puxta o‘rgatish, gid-tarjimonlarga shahrimiz va mamlakatimizning madaniy merosi va bugungi yutuqlari xususida to‘la ma'lumot berishlari uchun o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatish choralari belgilandi, deb xabar beradi Samarqand viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi matbuot xizmati.