SHHT va parlamentarizm

    Poytaxtimizda  “SHHT Samarqand sammiti: parlament oldidagi vazifalar» mavzuida davra suhbati bo'lib o'tdi.

    Tadbir doirasida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti olimlari tomonidan tayyorlangan “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar parlamentlari” toʻplam taqdimoti oʻtkazildi.

    Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda yer yuzining ulkan geografik hududini hamda sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan SHHT faoliyatiga qiziqish tobora ortib bormoqda. Nafaqat SHHT tarkibiy tuzilmasi, uning faoliyati mazmuni va asosiy yoʻnalishlari, balki tashkilot tarkibidagi sakkiz mamlakat – Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston davlatlarining siyosiy va huquqiy tizimlari xalqaro, xorijiy va milliy siyosatshunoslar, huquqshunoslar, qolaversa soha olimlari va ilmiy tadqiqotchilar eʼtiborini tortib kelmoqda.

    Shu munosabat bilan, toʻplamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning universal instituti sifatida namoyon boʻlayotgan, turli madaniyat va sivilizatsiya shakllari, tashqi siyosiy yoʻnalishlari va milliy rivojlanish modellari bilan birlashtirishga muvaffaq boʻlgan xalqaro mintaqaviy tashkilot – SHHTga aʼzo mamlakatlarning parlament tizimi xususidagi batafsil maʼlumotlar oʻz ifodasini topgan.

    Toʻplamda asosiy eʼtibor oliy vakillik organlarining huquqiy maqomi, ularning tuzilishi va vakolat muddati masalalariga qaratilgan boʻlib, deputatlar korpusini shakllantirish tartibi va deputatlar daxlsizligi, shuningdek, qoʻmitalar va boshqa parlament organlarining ishlash tartibi bayon qilingan.

    Toʻplam parlament va hukumat aʼzolari, davlat organlari va jamoat birlashmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning xodimlari, ekspertlar, ilmiy xodimlar, parlamentarizm sohasida tadqiqot olib borayotgan ilmiy izlanuvchilar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va talabalari hamda keng kitobxonlar uchun moʻljallangan.

    Muxtasar aytganda, oʻquvchi tashkilotga aʼzo davlatlar parlamentlari faoliyati va amaldagi tarkibini oʻrganish, parlamentlarning umumiy xususiyatlari, oʻziga xos va farqli jihatlarini taqqoslash, ulardagi jarayonlar, shu jumladan qonunchilik faoliyati bilan bitta manbaning oʻzida tanishish imkoniyatiga ega boʻladi.