SHHTda Samarqand ruhi: Xorijlik haykaltaroshlar Samarqandda yigʻildi

    Turizm 16 Avgust 2022 1653

    15-avgustda “Samarqand-2022” Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Simpozium Turizm va madaniy meros vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.

    Tadbirni Bosh vazir oʻrinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.

    “Ushbu haykaltaroshlik simpoziumi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etildi, – dedi Bosh vazir oʻrinbosari. – Maqsad – SHHTga aʼzo davlatlar sammitda nafaqat geosiyosiy masalalarni muhokama qiladi, balki, Samarqandning oʻzgacha bir ruhidan bahramand boʻladi.

    Qolaversa, mazkur simpozium orqali yosh haykaltaroshlarga xorijlik tajribali haykaltaroshlarning ishlarini kuzatish, oʻrganish va tajriba oshirish imkoni yaratib berildi.

    Oʻylaymanki, bu yaratilayotgan sanʼat asarlari tarixda qoladi va Samarqandda SHHT sammitidek tarixiy voqea boʻlib oʻtganini eslatib turadi”.

    Oʻzbekiston Rassomlar ijodiy uyushmasi raisi Ibragim Valixoʻjayev esa simpoziumning ahamiyati katta ekanligini taʼkidlab, mahalliy va xorijlik haykaltaroshlarning mehnatlarini yuqori baholadi.

    Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan qozogʻistonlik haykaltarosh Uljan Jaugasheva ham oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

    “Toshlarda olamning butun siri, goʻzalligi va tarixi mujassam. Biz esa ana shu goʻzallikni yuzaga chiqarishimiz lozim. Men simpoziumda oʻz asarim orqali odamlarga qanday ajoyib dunyoda yashayotganimizni koʻrsatishni, bu tuygʻuni ifodalab berishni istayman”, – dedi u.

    Maʼlumot uchun, simpoziumda Oʻzbekiston, Eron, Hindiston, Rossiya, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston haykaltaroshlari ishtirok etyapti. Ular 10-sentyabrga qadar “Vatanparvar” bogʻidagi maydonda oʻz asarlarini yaratadi. Soʻngra ushbu sanʼat asarlari Samarqand koʻchalarini bezatadi.

    Eslatib oʻtamiz, Samarqandga SHHT sammiti va xalqaro koʻrgazmaga tayyorgarlik koʻrish doirasida xorijlik rassomlar ham tashrif buyurgandi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.