SHHTga aʼzo davlatlar energetika vazirlarining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Energetika 15 Mart 2023 1986

    Joriy yil 14-martda Hindiston raisligida SHHTga aʼzo davlatlar energetika vazirlarining uchinchi yigʻilishi onlayn tarzda boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda Hindiston neft va tabiiy gaz vaziri Hardip Singx Puri, Oʻzbekiston energetika vaziri J. Mirzamahmudov, Qozogʻiston energetika vaziri B.Akchulakov, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat energetika boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jen Szindun, Qirgʻiz Respublikasi energetika vaziri oʻrinbosari M. Jakipov, Pokiston energetika vaziri Xurram Dastgir-Xan, Rossiya Federatsiyasi energetika vaziri N. Shulginov, Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Juma Daler va SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari Xan Sohail ishtirok etdi.

    Uchrashuv Xan Sohailning kirish soʻzida SHHTga aʼzo davlatlar tarkibiga energiya resurslarining eksport va import qiluvchi, shuningdek ishlab chiqaruvchi davlatlar ham kirib, mintaqa energetika vazirlari yigʻilishi energetika sohasidagi zamonaviy muammolarga qarshi kurashish boʻyicha fikr almashish va harakatlarni muvofiqlashtirish uchun muhim maydonga aylanganini taʼkidladi.

    Uchrashuvda Samarqand shahrida 2022-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, shuningdek, toza energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturning ahamiyati va oʻz vaqtida amalga oshirilishi alohida taʼkidlandi. Mintaqada energiya resurslari savdosini taʼminlash va energiya xavfsizligiga erishish uchun tegishli infratuzilmani va toza energiya manbalaridan elektr energiyasini ishlab chiqishni rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

    Yildan-yilga barcha mamlakatlarda energiya isteʼmoli oʻsib boryapti. Uchrashuvda yoqilgʻi va energiya xavfsizligi boʻyicha fikrlar almashildi. Pandemiya va baʼzi mintaqaviy voqealarga qaramay, butun dunyo iqtisodiyoti oʻsib boryapti. Yigʻilish doirasida mamlakatlarning kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtishini hisobga olgan holda barcha imkoniyatlardan toʻliq foydalanishga kelishib olindi.

    Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri J.Mirzamahmudov Global va mintaqaviy energiya boʻyicha kun tartibidagi oʻzgarishlarning holati va istiqbollari haqida oʻz takliflarini bildirdi.

    Yigʻilishda vazirlar SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida yangi yoqilgʻi turlari va energetika sohasida modellashtirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonotni maʼqulladi.

    Navbatdagi energetika vazirlari yigʻilishini 2024-yilda Qozogʻiston Respublikasida oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.