Shuningdek, mazkur videokonferensiyada Hindiston Madaniyat vaziri Arjun Ram Megxval, Qozogʻiston Madaniyat va sport vaziri Aktoti Raimkulova, Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vazirining oʻrinbosari Chjan Syuy, Qirgʻiziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Kayrat Imanaliyev, Pokiston Islom Respublikasi milliy meros va madaniyat vaziri Shafkat Mahmud, Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirining oʻrinbosari Olga Yarilova, Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Zulfiya Davlatzoda hamda SHHT bosh kotibi Vladimir Norov ishtirok etdi.
Mazkur muloqot davomida kun tartibidagi bir necha masala koʻrib chiqildi.
Xususan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida oʻzaro madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari masalalari muhokama etilib, davlatlararo madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun ulkan salohiyatga ega boʻlgan madaniy muhit yaratish lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari tashabbusi bilan 2021-yil Tashkilotning 20 yilligi munosabati bilan SHHT “Madaniyat yili” deb eʼlon qilinganligi ishtirokchilar tomonidan maʼqullandi.
Barcha davlat vakillari bu davlatlar va xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarning mustahkamlanishiga zamin boʻlishiga ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida madaniy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirish, xalqaro koʻrgazmalar, ilmiy konferensiyalar, forumlar, festivallar tanlovlar, madaniyat kunlari kabi tadbirlar doirasida ijodiy jamoalar, milliy ijrochilarni jalb etish lozimligi aytib oʻtildi.
Shu bilan birga, tashkilot kotibiyatiga joriy yilning 16-17-sentyabr kunlari Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadigan SHHTga aʼzo davlat Rahbarlari kengashi doirasida madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha imzolanishi koʻzda tutilgan Bitim loyihasi tavsiya qilindi.
Muloqot davomida koʻrilgan masalalar qatorida SHHTga aʼzo davlatlar sanʼat festivallarining gala konserti toʻgʻrisidagi nizomi imzolandi. Uchrashuvda soʻz olgan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov oʻz nutqida Oʻzbekiston koʻp qirrali savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi harakatlarni qoʻllab quvvatlashini taʼkidlab, pandemiya davrida tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida teatr, muzey, musiqa va kino sohasida hamkorlikda onlayn loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi. Uchrashuv ishtirokchilarini mamnuniyat bilan 2021-yil 14-15-sentyabr kunlari Xiva shahrida boʻlib oʻtadigan “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyasi chorrahasida” madaniyat forumiga taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yirik madaniy tadbirlarida ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidlab, teatr muzey va kutubxona sohalarida qoʻshma onlayn loyihalarni faol rivojlantirishni davom ettirishga kelishib olishdi.
SHHTga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining navbatdagi uchrashuvini 2022-yilda oʻtkazish toʻgʻrisida kelishib olindi.