SHHTga aʼzo davlatlar oliy sudlari raislarining XX yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 24 Aprel 2025 952

    Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov boshchiligidagi delegatsiya Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining Xanchjou shahrida Xitoy Xalq Respublikasi raisligida oʻtkazilgan yigirmanchi yigʻilishida ishtirok etdi.

    Qayd etilishicha, yigʻilishda Belarus Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi Oliy sudlari raislari va sudyalari, SHHTning muloqot boʻyicha hamkor-mamlakatlar – Ozarbayjon va Turkiya Oliy sudlari raislari, SHHT Kotibiyati va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qoʻmitasi vakillari qatnashdi.

    Doʻstona va ishchanlik muhitida, oʻzaro tushunish va ishonch ruhida oʻtgan yigʻilishda tomonlar umummanfaatli odil sudlovning dolzarb masalalarini muhokama qilish barobarida sud organlarining huquqning turli yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik istiqbollari ham koʻrib chiqildi.

    Bugungi anjumanda kiberxavfsizlikka doir masalalar muhokama qilinar ekan, ishtirokchilar bir ovozdan bu boradagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda sud organlari oʻrtasida aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldi.

    Shuningdek, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellektni tatbiq etishga doir tajribalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.

    Yigʻilish davomida nizolarni sudgacha va sud jarayonida hal etishning muqobil usullari haqida tajribalar oʻrtoqlashilib, bu sohada sudlarning rolini mustahkamlash lozimligi eʼtirof etildi.

    Bundan tashqari, yigʻilish ishtirokchilari voyaga yetmaganlarning sud himoyasiga oid masalalarga ham alohida eʼtibor qaratgan holda bola huquq va manfaatlarini buzganlik uchun qatʼiy jazo choralarini qoʻllash zarurligini taʼkidladilar. Shuningdek, SHHT mintaqasida bola huquqlari himoyasiga oid qonunchilikni takomillashtirish, voyaga yetmaganlar huquqlari buzilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni boshqarish, bu boradagi tajriba almashinuvini yanada kengaytirish, bola huquqlarini sud orqali himoya qilish doirasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash hamda voyaga yetmaganlar uchun sogʻlom huquqiy muhit yaratishga kelishib oldilar.

    Yigʻilish kun tartibidan zoʻravonlik va terrorizm bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashish mavzusi ham oʻrin oldi.

    SHHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan maqsad hamda tamoyillariga tayangan holda kelgusida SHHTga aʼzo davlatlar sud organlarining inson huquq va erkinliklari himoyasi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida oliy sud organlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, ishonch va doʻstlikka asoslangan aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar.

    Yigʻilish ishtirokchilari milliy va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyor va tamoyillariga asoslangan SHHTga aʼzo davlatlar sud tizimlarini rivojlantirish maqsadida Oliy sudlar oʻrtasidagi mazmunli muloqotni kelgusida ham davom ettirish muhimligini qayd etdilar.

    Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining XX yigʻilishi konstruktiv muloqot va samarali hamkorlik muhitida oʻtdi.

    Yigʻilish yakuni boʻyicha Qoʻshma bayonot imzolandi.

    SHHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining yigirma birinchi yigʻilishi 2026-yilda Eron Islom Respublikasida oʻtkazilishiga kelishib olindi.