“SHHTga aʼzo davlatlar poytaxtidan Samarqand shahriga harakatlanuvchi avtosayohat” ishtirokchilari Samarqand shahrida

    Turizm 17 Avgust 2022 1324

    SHHTga aʼzo davlatlardan yigʻilgan havaskor va koʻngilli avtosayyohlar SHHTga aʼzo davlatlar poytaxtidan harakatlanib, yoʻnalish sxemasiga muvofiq, davlatlar kesimida jamoaviy shaklda Oʻzbekistonga yoʻl oldi. Maqsad – “SHHTga aʼzo davlatlar poytaxtidan Samarqand shahriga harakatlanuvchi avtosayohat” loyihasi hamda XV xalqaro “off road” festivalida ishtirok etishdir.

    14-avgustda Belorussiya, Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Moʻgʻuliston va MDHga aʼzo davlatlardan Ozarbayjon, Gruziyadan 30 ta avtomobildan iborat avtokarvon Samarqand shahriga yetib keldi. Avtosayohat ishtirokchilari uchun Samarqandda press-konferensiya hamda tarixiy obidalar boʻylab sayohat tashkil etildi.

    Maʼlumot uchun, xalqaro “off road” festivali – djip turizm ixlosmandlari tashabbusi bilan 2006-yildan boshlab oʻz faoliyatini boshladi. Mazkur festival dunyoning turli oʻlkalarida, xususan, MDHga aʼzo davlatlarda oʻtkazilgan va 2022-yildagi festivalga Oʻzbekiston mezbonlik qilyapti.

    Taʼkidlash joizki, ushbu festivalni mamlakatimizda oʻtkazishdan maqsad Oʻzbekistonning mehmondoʻstligini namoyish etish, boy va gʻoyat xilma-xil turistik salohiyatga ega ekanligi, togʻlari, qir-adirlari, daryo va koʻllari, choʻlu-biyobonlarini butun dunyoga tanitish, turizm salohiyatini oshirishdan iboratdir.

    Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston Prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) sammitini yuqori saviyada oʻtkazishga doir topshirigʻiga muvofiq Turizm va Madaniy meros vazirligi tomonidan Samarqand shahrida musavvirlar uchun plenerning ikkinchi bosqichiga start berildi. Shuningdek, xorijlik haykaltaroshlar ishtirokida “Samarqand-2022” Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi ham boshlandi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.