Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, sifati kafolatlanmagan hamda qalbaki tibbiyot dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Xususan, Oltinkoʻl tumanida yashovchi, 1987-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “BYD” rusumli avtomashina Andijon shahridagi “Yangibozor” savdo majmuasi oldida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida tegishli hujjatlari boʻlmagan 171 quti “Ferrouz” nomli dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning yashash xonadonida jami 5593 qutida 8 xil turdagi qalbaki dori vositalari va ularni qadoqlashda foydalaniladigan boʻsh qutilar, turli xildagi dori vositalarining yoʻriqnoma va yorliqlari borligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga aloqador boʻlgan 3 nafar fuqaroning yashash xonadonlari hamda ularga tegishli boʻlgan manzillarda ham koʻp miqdordagi qalbaki dori vositalari borligi aniqlandi.
Olib borilgan tezkor-tintuv tadbirlari natijasida umumiy qiymati 700 mln. soʻmdan ortiq boʻlgan, jami 14 turdagi 10686 dona dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur shaxslar oʻzaro kelishgan holda yashash xonadonlarida qalbaki dori vositalarini tayyorlab, kelgusida sotish maqsadida Andijon shahridagi tugʻruqxonalar, shifoxonalar, xususiy klinikalar hamda Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahriga yetkazib berishgan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 5000 qutidan ortiq qalbaki dori vositalari qaytarib olinib, aholi orasida tarqalishining oldi olindi.
Boshqa holatda esa Andijon shahrida yashovchi, 1990-y.t. fuqaro sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari boʻlmagan dori vositalarini Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridagi dorixonalarga yuborayotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Shuningdek, ushbu shaxsning yashash xonadonida oʻrnatilgan talablar darajasida saqlanmayotgan, umumiy qiymati 250 mln. soʻm boʻlgan 5000 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda qadoqlashda foydalaniladigan boʻsh qutilar, turli xildagi dori vositalarining yoʻriqnoma va yorliqlari borligi maʼlum boʻldi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.