Ushbu tanlovlar xotin-qizlarga keng imkoniyatlar yaratish, ularning jamiyatda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy sohalardagi vazifalarni hal qilishdagi faolligini kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, huquq va manfaatlarini himoya qilish va ta’minlash, xotin-qizlarning tadbirkorlik va kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi. 

Dastavval, ushbu ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etish istagini bildirgan 230 nafardan ziyod xotin-qizlar tuman, shahar bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashgan bo‘lsa, ular orasidan munosiblar saralab olindi. 100 nafarga yaqin nomzodlarning xujjatlari viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi huzurida tashkil etilgan komissiya tomonidan shaffoflik asosida ko‘rib chiqildi. 

Natijalarga ko‘ra, «Eng namunali tadbirkor» ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni Gurlanlik tadbirkor ayol Manzura Masharipova, 2-o‘rinni Urganch shahridan Dinorabegim Eshjonova, Xiva shahridan 3-o‘rinni Rayhon Abdullaeva qo‘lga kiritdilar.

– Faoliyatim davomida ko‘plab yutuqlarga erishgan, ammo bu safargi muvaffaqiyatim meni boshqacha ruhlantirdi, — deydi tadbirkor Manzura Masharipova. — Boisi, ilk marotaba o‘tkazilayotgan yangi tanlovning viloyat bosqichidagi g‘oliblik yanada g‘ayrat-shijoat bag‘ishladi. O‘zimga bo‘lgan ishonch ayniqsa, ortdi, Respublika bosqichida ham viloyatimiz sharafini himoya qilib, yuqori shohsupani zabt etishga astoydil intilaman.

«Eng namunali boshlang‘ich tashkilot» tanlovining viloyat bosqichida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh akusher ginekologi Sevara Jumaniyozova birinchilikka, viloyat prokuraturasi bo‘limi boshlig‘i Sadoqat Ro‘metova ikkinchi o‘rin, Urganch davlat pedogogika inistituti xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, filologiya fanlari nomzodi dotsent Anorgul Atajonova uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

«Eng namunali maktabgacha talim xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilot», «Eng namunali bank xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti», «Eng namunali Oliy o‘quv yurti xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti», «Eng namunali korxona xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti», «Harbiy qism yurti xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti» nominatsiyalarida idora-tashkilotlar, korxonalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotlari raislari taqdirlandi.

Har ikkala ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etgan opa-singillarimizga Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasining tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Gulnoza Umirova,

Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar

boshqarmasi matbuot kotibi.