Bu haqda Yonhap Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo'mitasiga tayanib xabar berdi.

Hodisa 9-iyun, yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da sodir bo'lgan. Qo'mita ma'lumotlariga ko'ra, Shimoliy Koreya harbiylari ikki Koreyani ajratib turuvchi demilitarizatsiya qilingan hududning markaziy qismida demarkatsiya chizig'ini buzgan.

Janubiy Koreya tomoni ovoz kuchaytirgich orqali ogohlantirish e'lon qilgan, keyin esa ogohlantiruvchi o'q uzgan. Shimoliy Koreya harbiylari o'z hududiga qaytgan. Shundan so'ng ular tomonidan hech qanday “g'ayrioddiy faollik” qayd etilmagan.

Qo'mita rasmiy vakili Li Son Chjun KXDR harbiylari chegarani ataylab kesib o'tganiga ishonmaydi. Uning so'zlariga ko'ra, hozirda demilitarizatsiya qilingan hudud o't va butalar bilan qoplangan, bu demarkatsiya chizig'i belgisini ko'rishni qiyinlashtirmoqda, deb xabar beradi report.az.