Yevropa ittifoqida Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi tomonidan tashkil etilgan birinchi birja savdo maydonchasi ochilishi munosabati bilan ushbu savdo maydonchasining taʼsischisi hisoblangan Latviyaning “Shipleart” MCHJ kompaniyasi boshqaruv raisi Aleksandr Petrov boshchiligidagi Ishchi guruhi Shoʻrtan gaz kimyo majmuasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Ishchi guruhi tomonidan majmuada ishlab chiqarilayotgan polietilen mahsulotiga katta qiziqish bildirilib, ikki davlatning eksport-import yoʻnalishidagi kompaniyalari bilan kelgusidagi hamkorligi shuningdek, oʻzbek kompaniyalarining Yevropadagi vakilliklari hamda qoʻshma korxonalarni tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Muzokara jarayonida tuzilishi rejalashtirilayotgan memorandum doirasida Riga shahrida ochilgan birinchi birja savdo maydonchasi orqali Shoʻrtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Yevropa bozoriga olib kirish imkoniyatlari muhokama qilindi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftegaz” AJ matbuot xizmati “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ maʼlumotiga tayanib.
Riga shahrida yangi savdo maydonchasining ishga tushirilishi hamda OʻzRTXBning chet eldagi vakolatxonalari sonining koʻpayishi Yevropa mamlakatlariga, xususan, neft mahsulotlari, qora metall, kimyo mahsulotlari, elektrotexnika mashinalari va uskunalari eksporti hajmining oshishiga yordam berish bilan bir qatorda Oʻzbekistonda xaridorgir boʻlgan bir qator oziq-ovqat mahsulotlarining import narxlarini barqarorlashtirishga katta hissa qoʻshadi.