Shirin energetika kolleji oʻquvchilari “ACWA Power” oliy oʻquv yurtlarida tahsil oladi

    Ta'lim 16 Noyabr 2023 1118

    Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi Shirin energetika kollejiga Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

    Tashrif doirasida “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Shirin energetika kollejida olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar, hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi loyihalarni joriy etish yuzasidan kompaniya raisi tomonidan oʻquvchilarga maʼlumot berildi.

    Shuningdek, uchrashuv davomida kollejning iqtidorli bir guruh talabalariga faxriy yorliqlar hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Maʼlumot oʻrnida, kollejda elektromontyor, elektr stansiyasi uskunalarini taʼmirlash boʻyicha chilangar, payvandlovchi, axborot vositalari mashinalari va kompyuter tarmoqlari operatori yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, kollejni yuqori natijalarda tamomlagan oʻquvchilar “ACWA Power” kompaniyasi oliy oʻquv yurtlarida grant asosida tahsil olishlari va kelgusida ish bilan taʼminlanishlari maqsad qilingan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.