2023-yilda Xitoy olimlari aniqlaganidek, har kuni kamida bitta porsiya shirin gazli ichimliklar ichadigan yosh erkaklarda soch toʻkilishi xavfi, bu odatdan voz kechganlarga nisbatan uch barobar yuqori.

Endi esa portugaliyalik olimlar ham ushbu xulosani tasdiqlashdi: shirin ichimliklar sochning qalinligi, oʻsishi va tovlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Har hafta 3,5 litrdan koʻp (yaʼni kunlik oʻrtacha 500 ml) ichimlik isteʼmol qiladigan erkaklar boshqalarga nisbatan koʻproq soch toʻkilishiga duch kelishi aniqlangan.

Mutaxassislar fikricha, bunga ortiqcha shakar sabab boʻladi — u qon aylanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi va yalligʻlanish jarayonlarini kuchaytiradi, natijada soch follikulalari zaiflashadi. Energetik ichimliklar ham xavfli: ulardagi yuqori miqdordagi kofein stress gormoni — kortizolni koʻtarishi mumkin.

Hozircha olimlar shirin ichimliklar soch toʻkilishiga qanday mexanizm orqali taʼsir koʻrsatishini chuqur oʻrganmoqda, ammo oʻzaro bogʻliqlik allaqachon isbotlangan.

Maʼlumotlarga koʻra, 20 yoshga yetgan erkaklarning kamida 25 foizida soch toʻkilishi belgilarini koʻrish mumkin. 50 yoshdan oshganlar orasida esa bu koʻrsatkich 85 foizga yetadi.

Olimlar gazli ichimliklarni kamaytirish bilan birga boshqa choralarni ham taklif qilishmoqda. Jumladan, vitamin D isteʼmoli kallik xavfini pasaytiradi.