“Sirdaryo viloyatida quvvati 1 600 MVt boʻlgan bugʻ-gaz issiqlik elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi doirasida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va EDF (Fransiya) Nebras Power (Qatar) va Sojitz (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi oʻrtasida elektr energiyasini sotib olish boʻyicha bitim imzolandi.
Bitim Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Konsorsium vitse-prezidenti Beatris Buffon xonim va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi Dadajon Isaqulov tomonidan imzolandi.
Loyiha doirasida Sirdaryo viloyati, Shirin shahrida 55 gektar maydonda zamonaviy “H-class”dagi qoʻshma siklda ishlaydigan gaz va bugʻ turbinali issiqlik elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, 2026-yilning yanvar oyida ishga tushirilishi kutiladi.
Loyihaning yillik elektr energiya ishlab chiqarish quvvati 12 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Stansiyaning foydali ish koeffitsiyenti 60%dan yuqori boʻladi va buning natijasida yiliga 1,1 milliard kub/metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Ahamiyatlisi, stansiya qurilishi davomida 2 500 nafar, ishga tushgach esa 120 nafar yangi ish oʻrni yaratiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Aytish joizki, Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida ochiq tender savdolari orqali amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz, Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik koʻmagida oʻtkazilgan ochiq tenderda 2021-yil 19-noyabrda EDF- NEBRAS-Sojitz kompaniyalar konsorsiumi (Fransiya, Qatar va Yaponiya) gʻolib chiqqan edi.