2020-yil Shirin shahar bolalar-oʻsmirlar sport maktabining akademik eshkak eshish bazasi 2,5 milliard soʻm mablagʻ evaziga kapital taʼmirlandi.
Ushbu sport bazasida bitta zal va idora xonalari, 18x22 metr oʻlchamdagi qayiqlar saqlanuvchi (eling) xonalar, shu bilan birga hududda joylashgan kuzatuv minorasi va suvda qayiqlar turadigan bandargohlar taʼmirlandi.
Taʼkidlash kerak, Shirin shahri sportning akademik eshkak eshish turi boʻyicha milliy terma jamoa tarkibiga sportchilar yetishtirib beruvchi asosiy bazalardan biri hisoblanadi. Osiyo oʻyinlari-2018 gʻolib va sovrindorlari Shahboz Abdujabborov, Alisher Yarov, Anatoliy Krasnov, Argentinada oʻtkazilgan yoshlar oʻrtasidagi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi Luiza Ismoilova kabi isteʼdodli sportchilar aynan Shirin shahridan yetishib chiqqan.
Sport inshootining tantanali ochilish marosimida viloyat va shahar hokimliklari masʼul xodimlari, shuningdek viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbarlari ishtirok etib, endilikda bu maskandan mahoratli sportchilar hamda yurtimiz sharafini jahon arenalarida munosib himoya qiladigan yoshlar yetishib chiqishiga umid bildirdi, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.