Shisha eksporti 6,5 barobar oshdi

    2022-yilda shisha eksporti 2018-yilga nisbatan 6,5 barobar oshdi.

    Listlangan shisha qurilish industriyasi, uy-joy kommunal xoʻjaligi, mebelsozlik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlari amalga oshirishdagi asosiy omillardan biridir. Kalsiylangan soda, kvars qumi, dala shpati, ohaktosh va dolomit shisha ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo boʻlib, Oʻzbekistonning turli hududlarida mavjud.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari Oʻzbekistonda listlangan shisha ishlab chiqarishning rivojlanish surʼatini oʻrgandi. Unga koʻra, yuqori talab va bozorni rivojlantirish imkoniyatining kattaligi, mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratgan davlat siyosatining ragʻbatlantiruvchi choralari qator investorlarning eʼtiborini shisha sanoatiga qaratdi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda shisha sanoatini rivojlantirishda haqiqiy siljish roʻy berdi: Jizzax, Navoiy va Fargʻona viloyatlarida innovatsion, energiya tejovchi float texnologiyasi asosida turli qalinlikdagi meʼmoriy, qurilish va naqshli shishalarning yirik formatli, termik sayqallangan mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlar tashkil etildi.

    Maʼlumot uchun: float-shisha (termik sayqallangan) eritilgan shisha massasini erigan qalayning harakatsiz qatlami ustiga quyish orqali olinadi. Shisha massasi zichligining kamligi bois yuqori qatlamni hosil qiladi, shisha va qalay tutashgan joyda silliq yuza paydo boʻladi. U barqaror qalinlik va xona ichida tabiiy yorugʻlikni taʼminlaydi.

    2022-yilda Oʻzbekistonda 35,4 million kvadrat metr shisha (2 mm hisobda) ishlab chiqarilgan. 2018-2022-yillarda qurilish-montaj ishlari hajmi 62,4 foizga, shisha ishlab chiqarish hajmi esa 112,8 foizga oshgan. Bu esa bozor iqtisodiyotning turli tarmoqlarida talab yuqori boʻlgan mahsulot bilan toʻldirilayotganidan dalolat beradi.

    Erishilgan natija 2022-yilda shisha eksportini 2018-yildagiga qaraganda 6,5 barobar oshirish, importni esa 51,6 foizga qisqartirish imkonini berdi.

    Yangi tashkil etilayotgan turli qalinlikdagi keng formatli listlangan shisha ishlab chiqarish quvvatlari hududlarda shisha va unga aloqador tarmoqlarni yanada samarali rivojlantirish, sifatli mahsulot eksportini oshirish va importni qisqartirish uchun sharoit yaratmoqda.