Shofirkondagi yangi korxonada mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi

    Hukumat 17 Fevral 2023 4430

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Shofirkon tumanidagi “Buxara Azteks” tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

    Ilgari bu tumanda sanoat umuman yo‘q edi. Qishloq xo‘jaligidagi yangilanishlar, klaster tizimi natijasida bu yerda ham sanoat paydo bo‘ldi. Hozir birgina paxtadan ip, kalava, mato, tayyor kiyimlar, chigitdan yog‘, sovun, ozuqa va boshqa o‘nlab mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

    “Buxara Azteks” ana shunday zamonaviy korxonalardan. Bu yerda paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning to‘liq zanjiri yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois mahalliylashtirish darajasi 100 foizga yetgan.

    Loyihaning qiymati 8,7 million dollar. Uskunalar Yaponiya, Germaniya va Turkiyadan keltirib o‘rnatilgan. Ming nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.

    Korxonada yiliga 16 million dona tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ularning 50 foizini xorijga eksport qilish mo‘ljallangan.

    Davlatimiz rahbari korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi.

    Yana bir muhim jihati, korxona tomiga quyosh panellari o‘rnatilgan. Prezident bu kabi zamonaviy korxonalarni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.