Shohimardondan Qurbon koʻliga eltuvchi osma dor yoʻlining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 18 Iyun 2021 2150

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov rahbarligidagi delegatsiya, Qirgʻizistonning Botken viloyati rahbarlari bilan birga Shohimardonni sayohatga ochish jarayonida bu yerdagi Hazrat Ali ziyoratgohida boʻldi.

    Shundan soʻng Shohimardonning janubiy tarafida, dengiz satxidan 3000 metr balandlikda, togʻlar bagʻrida joylashgan Qurbon koʻliga oʻtuvchi osma dor yoʻlini qayta ochish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Karnay-surnay sadolari bilan ramziy tasma qirqilib, mehmon-u mezbonlar birin-ketin togʻlar boʻylab harakatlanadigan oʻrindiqlarga oʻtirdilar.

    Togʻ bagʻrida yuzaga kelgan va bugungi kunda Qirgʻiziston Respublikasi hududida joylashgan Qurbon koʻli tabiat moʻjizasi sifatida juda goʻzal boʻlib, ayniqsa, havo ochiqligida osmon rangi bilan tutashib, ajib manzara hosil qiladi. Togʻlar orasida joylashgan ushbu koʻl suvi juda sovuq boʻlganligi uchun unda biron oʻsimlik oʻsmaydi va hayvonot olami ham mavjud emas.

    Mahalliy aholining aytishicha, qachonlardir koʻl oʻrni togʻ-u toshlardan iborat boʻlib, bu yerda aholi yashagan. Biroq, kunlarning birida kutilmaganda zilzila oqibatida togʻlar koʻchib tushadi va yashovchilar halok boʻlishadi.

    Allohning moʻjizasi tufayli odamlar qurbon boʻlgan manzilda esa bir koʻl paydo boʻladi. Uning nomini odamlar “Qurbon koʻli” deb atashadi. Suvi koʻm-koʻk boʻlgani sabab baʼzan Koʻkkoʻl deb ham yuritishadi.

    Oʻzbek va qirgʻiz delegatsiyasi vakillari Qurbon koʻli va uning ortidagi yana bir kichik koʻl bilan yaqindan tanishdilar.

    Ikki viloyat rahbarlari shu yerda jurnalistlar va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. Turizmni rivojlantirish uchun hamkorlikda oʻz oldilariga qoʻygan rejalari haqida toʻxtalib oʻtishdi.