Shohimardonga mikroavtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi, qishloq markazidagi istirohat bogʻi taʼmirlanadi

    Xalqaro hamkorlik 18 Iyun 2021 1700

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda Botken viloyati gubernatori Abdukarim Alimboyevlar Shohimardon qishlogʻi markazida joylashgan moʻjazgina istirohat bogʻida mahalliy aholi vakillari bilan uchrashdilar.

    Samimiy va koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbirda sayyohlik mavsumining ochilishi, ikki xalqning qardoshlik, doʻstlik munosabatlari haqida soʻz bordi.

    “Bizda mana shunday ajoyib joylar bor. Bunaqangi chiroyli tabiatni, koʻngli pok, qalbi toza, samimiy va kamtarin insonlarni Xudo bergan. Odamlarimizni tinch, xotirjam hayot kechirishlarini taʼminlash, oʻzaro qoʻshni davlatlar bilan bahamjihat, qadrdon boʻlib yashash, doʻstlik, birodarlik aloqalarini bundanda mustahkamlash maqsadida ikki davlat delegatsiyalari uchrashib turibmiz. Shohimardonga yoshligimizda tez-tez oila-aʼzolarimiz, qoʻni-qoʻshnilar bilan kelib, ziyorat qilar edik. Mana bugun ham bu yerga kelish nasib qildi. Oʻsha paytlar bu yerlar gavjum, gullab-yashnagan, odamlar koʻp boʻlar edi. Mana yana Prezidentlarimizning yuksak siyosiy irodalari bilan chegaralarni ochish, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, madaniy sohalarni rivojlantirish borasida sayʼ-harakatlar qilyapmiz. Yangi turistik mavsum boshlandi. Toʻylar, tantanalar boʻladi.

    Shohimardonni Qadamjoy bilan bogʻlovchi osma dor yoʻlini ham ochdik, endi Shohimardonga kelgan turistlar Qirgʻiziston hududidagi “Qurbon koʻl”ini aylanishi, ziyorat qilishlari, dam olishlari mumkin. Shohimardon markazidagi istirohat bogʻini taʼmirlash uchun ham pul beramiz. Tungi chiroqlar oʻrnatiladi, koʻchalar asfalt qilinadi. Markaz obodonlashtirilib, mehmonlarning kelishiga tayyorgarlikni boshlashimiz kerak. Eng asosiysi, yoʻlovchilar uchun mikroavtobuslar qoʻyiladi. Bundan buyogʻiga birdam boʻlib yashashimiz kerak. Ikki tomon xalqi ham manfaat koʻrib, turmush darajasi, farovonligi ortishi zarur. Ilohim yurtlarimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin”, - dedi viloyat rahbari Xayrullo Bozorov.

    Botken viloyati gubernatori Abdukarim Alimboyev ham ikki tomon vakillari muhim kelishuvlarga erishganligini taʼkidladi.

    Keksalar ezgu ishlar bardavom boʻlishini tilab duoga qoʻl ochdilar. Istirohot bogʻida esa sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi davom etdi.