Soʻz olganlar oʻzbek-qirgʻiz xalqlari orasidagi doʻstlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarilayotganligini taʼkidlashdi.
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Botken viloyati gubernatori Abdukarim Alimboyevlar kun davomida Shohimardon va Qadamjoy tumanidagi diqqatga sazovor joylarni koʻzdan kechirishganini, hududlarning turistik salohiyati va imkoniyatlari yuqori ekanligini va bundan samarali foydalanish zarurligini aytib oʻtishdi. Bir qator muhim kelishuvlarga erishilganligini, hamkorlik nafaqat sayyohlik yoʻnalishida, balki boshqa tarmoqlarda ham davom etishini maʼlum qilishdi.
“Albatta, azal-azaldan oʻzbek-qirgʻiz xalqi hamisha bir tan-u bir jon boʻlib yashab kelgan. Ikki xalqni bir-biridan ajratib boʻlmaydi, bu ota-bobolardan qolgan meros. Buni endi biz davom ettirishimiz ham farz, ham qarz. Bugun chindan ham doʻstlik kuni boʻldi. Hamkasblarimiz aytganidek, bugundan boshlab Oʻzbekistondan kelganlarga birorta qarshilik boʻlmaydi. Biz ham oʻz navbatida qirgʻizistonliklarni Fargʻonaga, Margʻilonga, Qoʻqonga taklif qilamiz. Hamisha doʻstligimiz abadiy boʻlsin", - dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.
Tadbir oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining sevimli sanʼatkorlari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi. Vatanni, doʻstlikni, mehr-muhabbatni ulugʻlagan kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga bir olam quvonch ulashdi.