Shohjahon Ergashev gʻalaba qozondi

    10 raundga moʻljallangan jang 1-raunddayoq yakuniga yetdi

    Bugun, 29-mart erta tongda AQSHning Michigan shtati Detroyt shahrida tashkil etilgan boks oqshomida hamyurtimiz Shohjahon Ergashev navbatdagi jangini oʻtkazdi.

    Eng yengil vazn toifasida chempionlikka daʼvogar isteʼdodli professional bokschimiz Shohjahon Ergashev panamalik Xuan Xuyertas bilan roʻbaroʻ keldi.

    10 raundga moʻljallangan jang 1-raunddayoq yakuniga yetdi. Shohjahon 2012-yilgi London Olimpiadasi ishtirokchisini ilk raunddayoq nokautga uchratdi. Shu tariqa Ergashev professional boksda navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi.

    Jang yakunlangach jurnalistlarga intervyu bergan Shohjahon Ergashev navbatdagi jangida IBF chempionlik kamari egasi Sabriyel Matias bilan yana bir bor toʻqnash kelish istagida ekanini bildirdi.

    Eslatib oʻtamiz, Ergashev oʻtgan yilning noyabr oyida ushbu bokschi bilan oʻtkazilgan 12 raundlik jangda imkoniyatni boy bergan edi.