Shoir buyurtmachi ustidan shikoyat qildi

    Xavfsizlik 23 Avgust 2022 1747

    Mualliflik huquqi himoyasiga qaratilgan qonunlarimiz bugun ishlayaptimi oʻzi?

    Fargʻona viloyati adliya boshqarmasida koʻrib chiqilgan ish bu savolga aniq javob berilishiga xizmat qildi. U yerga kelgan murojaatni koʻrib chiqish jarayoni mana shunday xulosaga kelishimiz nooʻrin ekanligini isbotladi.

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira D.Ergashova ariza bilan murojaat qildi. Unda mualliflik shartnomasiga asosan, boshqa bir ayolga maxsus buyurtma sheʼr yozib berganligi va u tomonidan shartnomada koʻrsatilgan “qalam haqi” toʻlanmaganligi bayon qilingan.

    Murojaatda keltirilgan holatlarni oʻrganish jarayonida shoir D.Ergashovaning maxsus buyurtma sheʼri uchun buyurtma bergan fuqaro tomonidan hech qanday sabablarsiz koʻp vaqtlardan buyon “qalam haqi” berilmay kelayotganligi oʻz tasdigʻini topdi.

    Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonuning 19-moddasida muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga ega. Muallifning asardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari esa, asarni takrorlash va asarning asl nusxasini sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish yoʻli bilan tarqatish huquqiga ega ekanligini anglatadi.

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi mutaxassisi tomonidan huquqiy tushuntirish ishlari natijasida huquqbuzardan shoira D. Ergashovaga kelishilgan qalam haqi summasi undirib berildi.

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi.