Oʻzbekiston elchixonasidan olingan maʼlumotda qayd etilishicha, mazkur universitetda tahsil olayotgan yurtdoshimiz Svetlana Qurbonova universitet professor-oʻqituvchilari, kursdoshlarini shoir hayoti va ijodi bilan tanishtirdi.
Dunyoning turli burchaklaridan vakillar ishtirok etgan ushbu fleshmobda Florida xalqaro universitetining dinshunoslik fakulteti ilmiy xodimi Karlos Grenye, taklif etilgan maʼruzachi Chinten Kishor, tilshunoslik fakulteti aspiranti Debbi Xyu, xalqaro tadqiqotlar fakulteti aspiranti Chirin Yamut, Fulbrayt dasturi stipendiantlari Ana Ramsha, Uillyam Xyun, Danax Faraj, Sheyn Roberts, Lorela Shexu, shuningdek, yurtdoshlarimiz Svetlana Qurbonova, Ogʻabek Qurbonov, Komila Xolmatova, Abrorbek Saidov va Shohjahon Bahromov Muhammad Yusuf sheʼrlarini oʻqib berdi. Loyiha ingliz tilidagi subtitrlar bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, universitetning oʻqituvchi va talabalari shoir ijodi, uning “Toshkent oqshomi” gazetasi, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Yozuvchilar uyushmasi va Oʻzbekiston Oliy Majlisidagi ish faoliyati bilan tanishdi.
Taʼkidlash joizki, Floridadagi vatandoshlar Amerika jamoatchiligini milliy bayramlarimiz, shuningdek, taniqli oʻzbek shoirlari ijodi va asarlari bilan tanishtirishga katta qiziqish bildirmoqda.
Ushbu loyihadan avval Svetlana Qurbonova Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Oripov tavallud kunlari sharafiga ham sheʼriy fleshmoblar oʻtkazgan.
Eslatib oʻtamiz, Florida xalqaro universiteti (FXU) Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi arxitektura, biznes va mehmonxonalarni boshqarish, muhandislik, huquq, tibbiyot sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. 1965-yilda tashkil etilgan ushbu universitet tarkibida 23 ta kollej va oliy maktab mavjud.
Florida xalqaro universiteti shtatdagi ikkinchi yirik universitet boʻlib, AQSHning toʻrtinchi yirik oliy oʻquv yurti hisoblanadi. Ushbu universitetda dunyoning 55 mamlakatidan 140 mingdan ziyod talaba tahsil oladi.









