Shon-sharaf muzeyi - tarix bilan bugungi kun oʻrtasida koʻprik

    Hukumat 9 May 2021 8547

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Shon-sharaf muzeyidagi yangi ekspozitsiya bilan tanishdi.

    Muzeyda 12 ming 500 dan ziyod eksponat toʻplangan boʻlib, ularning soni tobora ortib bormoqda. Tarixiy fakt va voqealar zamonaviy texnologiyalar, interaktiv usullar yordamida aks ettirilgan. Davlatimiz rahbarining avvalgi tashrif chogʻidagi koʻrsatmalari asosida ekspozitsiyalar yana-da boyitilgan. Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idoralar uchun alohida boʻlimlar tashkil etilgan.

    – Bu yer xalq muzeyi boʻlishi kerak. Urushda qatnashgan yoki yetim bolalarni boqib olgan insonlarning avlodlari bilan bogʻlanib, bobolarining jasoratini yuzaga chiqarish zarur. Hali oʻrganilmagan juda koʻp manbalar bor. Yurtimizdagi har bir qishloq, mahalla, maktab, umuman, jamoatchilik ularni toʻplash va targʻib etishda faollik koʻrsatishi kerak. Bu urush dahshatini anglash, tarixdan saboq chiqarish uchun muhim. Muzey bunda asos, tarix bilan bugungi kun oʻrtasida koʻprik boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari haqidagi maʼlumotlarning elektron bazasini yaratish, kitoblar chop etish boʻyicha topshiriqlar berildi.