Fargʻona viloyat hokimligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti va boshqa hamkorlar tomonidan oʻtkazilgan tantanali tadbirda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
“Muqaddasdir Vatan bayrogʻi” shiori ostida oʻtkazilgan bayram tantanalari doirasida Fargʻona shahrining Ahmad al-Fargʻoniy koʻchasidan ulkan bayroq askarlar tomonidan orkestr joʻrligida Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va konsert saroyigacha boʻlgan masofadan olib oʻtildi.
Teatr va konsert saroyi hududida oʻtkazilgan bayram tadbiri ishtirokchilari bugungi kunda jahon hamjamiyati oʻrtasida mamlakatimizning obroʻ-eʼtibori tobora yuksalib borayotganligini mamnuniyat bilan eʼtirof etishdi. Nufuzli anjuman va sport musobaqalarida mustaqilligimiz ramzi boʻlgan bayrogʻimizning hilpirab turishi dillarga gʻurur-iftixor baxsh etishi taʼkidlandi.
Shu kuni “Ulugʻimsan vatanim” mavzusida tayyorlangan ijtimoiy videoroliklar viloyat tanlovi gʻoliblari taqdirlandi.
– Tanlovda gʻoliblar sifatida eʼtirof etilganimiz dillarga quvonch, gʻurur bagʻishladi,–deydi tanlov gʻolibi Nargiza Oʻrinova. – Tanlovda ishtirok etish gʻoyasi farzandlarimdan chiqdi. Videoroligimizda bayroqning nima ekanligini emas, uning paydo boʻlish tarixi, qanday tayyorlash, qayerda va qanday xolatda saqlash, eʼzozlash, qadirlash kerakligi xususida qisqa maʼlumotlar berishga harakat qildik. Izlanishlarimiz besaram ketmaganidan xursandman. Loyihamiz ikkinchi oʻringa munosib koʻrilib, ikki million soʻm pul mukofati bilan taqdirlandi.
– Davlatimiz bayrogʻidagi ranglar jilosi, nivqiron yarim oy va 12 yulduz tasvirlariga koʻzim tushganida hayajonlanish bilan birga, ruhlanib ketaman,- deydi Toshkent axbort texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali ikkinchi bosqich talabasi Hojiakbar Shoxobiddinov.– Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan har bir tantanali tadbirlar davlatimiz bayrogʻi ostida boʻlib oʻtmoqda. Xalqaro arenalarda tengdoshlarimiz yutuqlarga erishganida bayrogʻimiz hilpiraydi. Bunday lahzalarda mustaqillik, tinchlik eng aziz neʼmat ekani, shu yurtning farzandi ekanligimni yurakdan his qilaman.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga boy boʻlgan bayram shodiyonalarida yosh ijodkorlar tomonidan mustaqillik, Ona vatan, milliyligimiz ramzi, shon-sharaf timsoli boʻlgan bayrogʻimizni madh etuvchi sara sheʼr, qoʻshiqlar ijro etildi.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.
Sherzod Qoraboyev olgan suratlar.