Shoʻrchi hokimiga hayfsan berildi, tumani hokimi oʻrinbosari va xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi ishdan olindi

    Ta'lim 2 Noyabr 2022 3354

    Joriy yilning 1-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov raisligida xalq taʼlimi tizimidagi mavjud muammolarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Jumladan, Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanida oddiy maktabni ixtisoslashtirilgan maktabga aylantirish chogʻida masʼullar tomonidan yoʻl qoʻyilgan oʻzboshimchalik va oʻz ishiga sovuqqonlik jiddiy tanqid qilindi.

    Yigʻilishda aytilishicha, mazkur jarayonlarda viloyat hokimligi tomonidan oʻquvchilarni joylashtirish maqsadida yangi maktab ochish taklifi berilgan, Xalq taʼlimi vazirligi esa “tegishli tartibda zarur bino va jihozlar bilan taʼminlangandan soʻng” maktab ochilishiga ruxsat berilgan. Toki masalaning hujjatli ishlari va binoni tayyorlashga oid tashkiliy masalalar koʻrilgungacha, oʻquvchilar 5-6 kilometr naridagi maktabga qatnashga majbur boʻlishgan. Bu esa ota-onalarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlgan.

    Bu oʻrtada maktabning sobiq direktori tashabbusi bilan aholining uyida bolalarga dars oʻtish boshlangan.

    “Bu nima degan gap?! Inson qadri shumi? Toshkentda, yozda salqin, qishda issiq kabinetlarda oʻtirgan amaldorlar bolalari qishloqning loy yoʻllarida har kuni 10 kilometrlab yurishiga, aholi uylarida oʻqishiga rozi boʻlisharmidi? Yana uylarda taʼlim berayotgan oʻqituvchilarga maosh ham berilmayapti ekan. Oʻqituvchining nima aybi bor bu yerda?!”, – deya eʼtiroz bildirdi Sardor Umurzakov.

    Yigʻilishda barcha masʼullar, jumladan Xalq taʼlimi vaziri B.Saidov, Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov hamda Shoʻrchi tumani hokimi B.Xudoyberganov vaziyatga izoh berar ekan, mazkur holatlar oʻz tasdigʻini topganini tan olishdi. Aytilishicha, ushbu holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, zudlik bilan Shoʻrchi tumaniga yuborilgan.

    Shoʻrchi tumani hokimi B.Xudoyberganov oʻquvchilarga aholi uylarida dars berilayotganidan xabarsiz qolganini, bu tashabbus oʻzboshimchalik bilan yoshlar masalalari boʻyicha hokim oʻrinbosari va tuman xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi tomonidan tashkil qilinganini maʼlum qildi.

    “Yuzlab bolalar sarson boʻlib yursayu, hokimlik vakillari bunga befarq qarasa, shumi davlat rahbari bildirgan ishonchga munosabat?! Demak, ishiga masʼuliyatsizlik bilan qaragan tuman hokimi oʻrinbosari va xalq taʼlimi boʻlimi mudiri ishdan olinsin va ularning faoliyatiga huquqiy baho berish kerak. Tuman hokimi Baxtiyor Xudoyberganovga esa hayfsan berilsin. Agar zudlik bilan vaziyat oʻzgarmasa, hokimiyat binosi boʻshatilib, bolalar shu binoda taʼlim olishadi. Men mutlaqo jiddiy aytyapman. Hokim uyida tashkil qilaversin ishini», - dedi Administratsiya rahbari.

    Shuningdek, Sardor Umurzakov Shoʻrchi voqeasi har bir viloyat va har bir tuman hokimligiga oʻrnak boʻlishi kerakligi, Xalq taʼlimi vazirligi bilan birga komissiya tuzilib, tashkil etilishi rejalashtirilgan 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab xatlovdan oʻtkazilishi, har bir maktab boʻyicha kerak boʻlsa oʻqituvchi va oʻquvchilar kesimida aniq axborot kiritish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi.