Shoʻrchidagi savdo markazida chiqqan yongʻin toʻliq bartaraf etildi

    Shoʻrchidagi savdo markazida yongʻin: tunda boshlangan olov tongda toʻliq bartaraf etildi

    Surxondaryo viloyatining Shoʻrchi tumanida joylashgan uch qavatli savdo markazida 2025-yil 4-avgust kuni tong oldida yongʻin sodir boʻldi.

    Hodisa Bobotogʻ mahalla fuqarolar yigʻini hududida roʻy bergan. Yongʻin haqidagi xabar soat 03:02 da Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga kelib tushgan va 03:15 da yongʻin-qutqaruv guruhlari voqea joyiga yetib borgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, olov muassasaning birinchi va ikkinchi qavatlarini qamrab olgan. Tezkor harakatlar natijasida yongʻin soat 05:10 da oʻrab olingan va uzoq kurashlardan soʻng, soat 07:30 da toʻliq bartaraf etilgan.

    Yongʻinni soʻndirish ishlariga jami 10 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji hamda 2 ta suv tashuvchi texnika jalb etildi. Hozirgacha olgan maʼlumotlarga koʻra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yoki halok boʻlganlar qayd etilmagan.

    Ayni paytda tegishli tashkilotlar tomonidan hodisaning kelib chiqish sabablari yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Yongʻinning aniq sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori qoʻshimcha ravishda maʼlum qilinadi.