Shoʻrsuvda yana bir xorij korxonasi ish boshlaydi

    Mamlakatimizda 5 Avgust 2021 1672

    Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanining Shoʻrsuv shaharchasida sanoat zonasi tashkil etilganida dastlab bu yerda ozekrit mumi va tabiiy oltingugurt qazib olingan.

    Shaharchadagi gʻisht zavodi, oltingugurt tegirmoni, mexanika sexi, sopol quvur va shifer ishlab chiqarish zavodlari, choʻyan quyish sexlari shu shaharchada yashovchi 4 ming nafar ishchi-xodimlarga yetarli faoliyat boʻlgan.

    Hozirgi vaqtda Shoʻrsuvda 30 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalarida yiliga 1 trillion 11 milliard soʻmlik 40 ga yaqin qurilish mahsulotlari ishlab chiqariladi. Yana-da aniqroq aytganda, Shoʻrsuv hududidagi 186 gektarli yer maydonida noruda qazilma boyliklari qazib olish konlaridan foydalanib kelmoqda. Shu kunga qadar qazib olish huquqiga ega 34 ta korxonalar tomonidan mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

    Tabiiyki, Shoʻrsuvdagi bunday tabiiy zaxiralar va soliq siyosatida yaratilgan imkoniyatlar xorijlik investorlarni oʻziga ohanrabodek tortmoqda.

    Kuni kecha Oʻzbekiston tuman Davlat xizmatlari markazida yana bir xorij korxonasi rasman davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. 1 milliard soʻm ustav fondiga ega yangi “Kexin Yuan Da” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxonasi sement ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanadi.

    — Bir hududga investitsiya kiritishdan avval shu joyni tabiiy boyliklarining salmogʻi, yaratilgan soliq imkoniyatlari kabi oʻnlab talablar doirasida mukammal oʻrganamiz, — deydi korxona taʼsischisi Jingxuan Lui (Jingxuan Liu). — Oʻzbekistonda chet ellik investorlar uchun soliq sohasidagi berilgan imtiyozlar koʻproq eʼtiborimizni tortdi. Bundan tashqari, Shoʻrsuvning geografik joylashuvi, eksport qilish uchun transport koridorining qulayligi bizni qoniqtiradi. Ishlab chiqarish toʻliq quvvatda ishlay boshlagach, biz bir paytning oʻzida 200 nafar mahalliy aholini ish bilan taʼminlay olamiz. Umid qilamizki, uzoq yillar Fargʻona vodiysida bu kabi tadbirkorligimiz koʻlamini kengaytirib boramiz.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Shoʻrsuv sanoat zonasida yirik xorijiy korxonalar soni 5 taga yetdi.

    Maʼrufjon DJOʻRAYEV, Oʻzbekiston tuman DXM direktori.