Proliga 4-turidan joy olgan Mashʼal — Shoʻrtan uchrashuvining 87-daqiqasida mehmonlar posboni Sherzod Abduraimov sportchiga xos boʻlmagan xatti-harakatni amalga oshirdi. U avvaliga oʻz darvozasidan ikkinchi golni oʻtkazib yubordi. Keyin esa uni nishonlayotgan Mashʼal futbolchisi Ibrohim Gʻanixonovning yuz qismiga boshi bilan zarba berib, raqibini jarohatladi.
Bu Sherzod Abduraimov bilan sodir etilayotgan nomaqbul harakatning birinchisi emas. U 2020-yilning 1-dekabr kuni Superliga yoʻllanmasi uchun kurash olib borayotgan Fargʻonaning ikki klubi — Neftchi va Turon oʻrtasidagi uchrashuvda ham oʻz xulqi bilan yodda qolgandi. Bellashuvni boshqarib borgan hakamga hujum qilganlar orasida Abduraimov ham boʻlib, OʻFA Tartib-intizom qoʻmitasi buning uchun darvozabonni 1-yil muddatga futboldan chetlatgan va 15 million soʻm jarimaga tortgandi.
Kecha boʻlib oʻtgan oʻyinda Shoʻrtan futbolchisi oʻziga nisbatan qoʻllanilgan avvalgi sanksiyadan tegishli xulosa chiqarmagani koʻrindi. Shundan kelib chiqib, uning navbatdagi qoʻpol xatti-harakati OʻFA qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqiladi.