2021-yil 9-fevralda “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ va Toshkent moliya instituti oʻrtasida ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish yuzasidan innovatsion xizmatlar koʻrsatish va oʻzaro hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan edi.

Ushbu shartnoma doirasida majmuada “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy samaradorligini baholash va reytingini aniqlash tartibi” va “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar moliyaviy holatini kompleks tahlil qilishning skoring modeli” nomli elektron dasturlar oʻrnatildi. Taqdimot tarzida oʻtkazilgan treningda korxonaning iqtisodiy soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

“Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy samaradorligini baholash va reytingini aniqlash tartibi” nomli elektron dastur – xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy samaradorligini baholash orqali tizim, hudud, tarmoq va sohalar boʻyicha ularning reytingini aniqlash imkonini beradi. Reytingni aniqlashda asosiy eʼtibor xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy holati, barqarorligi, likvidligi, samaradorlik koʻrsatkichlari, moliyaviy natijalarining dinamik, trend, struktura va omili tahlillaridan foydalaniladi. Shuningdek, iqtisodiy samaradorlik koʻrsatkichlariga ham keng oʻrin berilgan holda xoʻjalik yurituvchi subyektlar mehnat unumdorligi, asosiy fondlar samaradorligi, xarajatlar, ishlab chiqarish va sotish tahlillariga alohida eʼtibor qaratilgan.

“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar moliyaviy holatini kompleks tahlil qilishning skoring modeli” nomli elektron dastur esa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy holati va natijalarini kompleks tahlil qilish orqali uning moliyaviy barqarorligi, toʻlov qobiliyati, ish samaradorligiga toʻliq baho beriladi va ularning kreditga layoqatliligi aniqlanadi. Ushbu dastur xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kreditga layoqatliligini moliyaviy va nomoliyaviy koʻrsatkichlar asosida tahlil qilish hamda natijalariga skoring modeli yordamida baho beradi.

Bundan tashqari, mazkur elektron dastur xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy ahvolini batafsil tahlil qilish, butun dunyoda eʼtirof etilgan korxona bankrotligini aniqlashning Altman modeli asosida xoʻjalik yurituvchi subyektlardagi bankrotlik alomatlariga baho berish orqali muhim iqtisodiy qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.

Innovatsion ishlanmalarni qoʻllash yuzasidan oʻtkazilgan oʻquv-seminar davomida “Fan-taʼlim-ishlab chiqarish” integratsiyasining bugungi holati, uni rivojlantirish yoʻnalishlari va istiqbollari kabi masalalar ham muhokama qilindi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.