Loyiha mavjud propan-butan aralashmasini olish qurilmalarida yiliga qoʻshimcha 61,0 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi ishlab chiqarishga va buning asosida ichki bozorda ushbu mahsulotga oshib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshiriqlariga asosan ushbu loyiha doirasida Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli siquv kompressor stansiyasidagi 3, 4, 6 va 7-sonli gaz haydash agregatlarida uzluksiz ravishda ish tashkil qilinib, modernizatsiya qilinmoqda.
Boshqaruv raisi ushbu investitsion loyihaning amalga oshirish jarayonlarini munatazam ravishda joyiga chiqib oʻrganmoqda va muammoli masalalar qisqa fursatda hal etilmoqda.
Ushbu siquv kompressor stansiyasining asosiy vazifasi boshqarmadagi propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmalari 1, 2, 3, 4 va 5-navbatlaridan chiqayotgan toza gaz bosimini koʻtarib, magistral gaz quvurlariga uzatishdan iboratdir.
Modernizatsiya ishlarini amalga oshirish doirasida 14,67 mln dollarga teng Ukrainaning “Sumskoye NPO” zavodida ishlab chiqarilayotgan siquv kompressor stansiyasi va uning ichki almashinuvchi qismlarini xarid qilishga shartnoma tuzilgan. Hozirda siquv kompressori stansiyasining 8 ta almashuvchi ichki qismlari, turboblok va yordamchi qismlari yetib kelgan.
Gaz haydash agregatlarini modernizatsiya qilish orqali siquv kompressor stansiyasidagi gaz haydash agregatlariga kirayotgan tabiiy gaz bosimini bir meʼyorda ushlab turish va chiqish bosimini oshirishga erishiladi.
Gazdan propan-butan aralashmasi ajratib olish qurilmalarida kirish bosimini oshirish hisobidan suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi ortishi natijasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish reja koʻrsatkichlarining bajarilishi taʼminlanadi.
Ayni paytda Bosh pudratchi – “Muborakneftgazmontaj” MCHJ va Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan siquv kompressor stansiyasining 6- va 7-sonli gaz haydash agregatlarida qisqa fursatda modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, ishga tushirildi.
Taʼmirlash jarayonida kompressorning oldi va orqa qopqoqlari yechilib, ichki qismi tozalanib, yangi zaruriy ehtiyot qismlar oʻrnatildi va kompressor qaytadan yigʻildi. Shuningdek, taʼmirlash jarayonida bir qancha texnik jihatdan murakkab boʻlgan hisoblashlar oʻtkazilib, sozlash ishlari olib borildi.
Natijada, gaz haydash agregatlarining uzluksiz, bir meʼyorda ishlashi taʼminlandi hamda kompressorning toza gaz haydash hajmining oshishiga erishildi.
Maʼlumot uchun: Ushbu siquv kompressor stansiyasida 9 dona gaz haydash agregatlari mavjud boʻlib, yiliga 16 mlrd kub metr tabiiy gazni haydab berish quvvatiga ega.