Maʼlumki, ayni paytda oʻqishini koʻchirish (tiklash) istagida yurganlar talaygina. Bunday fuqarolardan qabul qilingan hujjatlar ayrim kamchiliklar aniqlanayotgani sababli Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2020/2021 oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishini koʻchirish (tiklash) istagini bildirgan fuqarolarga murojaat qildi.
Maʼlum boʻlishicha, hujjatlar asosan quyidagi hollarda qaytarilmoqda:
- pasport nusxasi (doimiy yashash manziliga roʻyxatga qoʻyilgan beti bilan birga) toʻliq yoki sifatli yuklanmagan (zero oʻqishni koʻchirish toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqishda talabaning doimiy yashash manzili asoslovchi sabablardan biridir);
- OTMda oʻqiyotganlik (oʻqiganlik) toʻgʻrisidagi belgilangan shakldagi hujjat (akademik maʼlumotnoma yoki reyting daftarchasi yoki transkript) nusxasi toʻliq yoki sifatli yuklanmagan;
- oʻqigan (oʻqiyotgan) OTM yoki taʼlim yoʻnalishi nomi toʻliq kiritilmagan;
- mavjud boʻlmagan OTM yoki taʼlim shakli yoki taʼlim yoʻnalishiga koʻchirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtilgan.
Vazirlik roʻyxatdan oʻtgan fuqarolardan oʻzlarining shaxsiy kabinetlariga kirib (roʻyxatdan oʻtishdagi login va parol orqali) arizalarining koʻrib chiqilish holatlarini doimiy kuzatib borishlarini ham soʻrab qolgan.
Maʼlumot uchun aytish joizki, oʻqishni koʻchirish (tiklash) boʻyicha roʻyxatdan oʻtishning soʻnggi kuni 2020-yil 5-avgust.