17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol tufayli 110 kV kuchlanishga ega “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy oʻchishi yuz bergan.

Natijada “Gazli” kompressor stansiyasidagi 8 ta hamda “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga qarashli “Uchqir” kompressor stansiyasidagi 2 ta gaz haydash agregati favqulodda toʻxtagan.

Oqibatda tabiiy gaz hajmi meʼyoriy sxemadagidan qisqarib, magistral gaz quvurlarida bosim nisbatan pasaygan. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxoʻjayev maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, barcha metan zapravkalar faoliyatiga qoʻyilgan vaqtinchalik cheklov bugun ham davom etadi.

Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi mumkinligini inobatga olib, respublika isteʼmolchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida yana boshqa zarur choralar ham koʻrilmoqda.

Hozirgi vaqtda 110 kVli “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarida taʼmirlash ishlari olib borilyapti. Gaz haydash agregatlari faoliyatini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish ustida ishlanmoqda.