Iyun oyida “Oʻzbekiston — Rossiya” tibbiyot forumi oʻtkaziladi

    Salomatlik 25 Mart 2023 1072

    Xabar berilganidek, Oʻzbekiston Cogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida boʻlib turibdi.

    Safar doirasida Rossiya Federatsiyasi sogʻliqni saqlash vaziri Mixail Murashko bilan uchrashdi. Muloqotda ikki davlat oʻrtasida tibbiyot sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

    M. Murashko delegatsiyamiz aʼzolarini Rossiyaga tashrifi, xususan, “Sogʻlom jamiyat” forumidagi ishtiroki bilan qutlar ekan, strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanishi tibbiyot sohasidagi hamkorlik koʻlami kengayishiga xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

    Shuningdek, 2019/2020 oʻquv yilidan Oʻzbekistonning 9 ta tibbiyot oliy oʻquv yurti bilan Rossiyaning 12 ta tibbiy oliy taʼlim muassasasi hamkorligida qoʻshma taʼlim dasturlari asosida 6 ta bakalavriat yoʻnalishi, 2 ta magistratura va 11 ta klinik ordinatura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlanayotgani alohida qayd etildi.

    Ikki mamlakat tibbiyot olimlari va mutaxassislari tomonidan qoʻshma ilmiy-maʼrifiy tadbirlar, mahorat darslari oʻtkazilyapti.

    Shuningdek, 2020-2022-yillarda Rossiya Federatsiyasining yetakchi klinika va tibbiyot markazlari va taʼlim muassasalarida 500 ga yaqin oʻzbekistonlik mutaxassislar malakasi oshirilib, qayta tayyorlangani amaliy natijalarini beryapti.

    Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda koʻrsatilgan koʻmak, shu jumladan aholini emlash doirasida amalga oshirilayotgan samarali hamkorlik, qolaversa, mamlakatimizda onkogematologiya xizmatini yanada rivojlantirish yoʻlidagi tashabbusi uchun rossiyalik mutaxassislarining mehnati eʼtirof etildi.

    Uchrashuvda tomonlar yangi qoʻshma taʼlim dasturlarini roʻyobga chiqarish, kadrlar malakasini oshirish, pediatriya, onkologiya, gematologiya, onkogematologiya, xirurgiya, transplantologiya yoʻnalishlari boʻyicha Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti bilan ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, maqsadli doktorantura va aspiranturani yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi.

    Oʻz navbatida, farmatsevtika sohasini rivojlantirish, arzon va sifatli dori-darmonlar ishlab chiqarish, bolalarda suyak iligi transplantatsiyasini joriy etish kabi masalalar muhokama etildi.

    Yakunda shu yil iyun oyida mamlakatimizda “Oʻzbekiston — Rossiya” tibbiyot forumining oʻtkazilishi belgilandi. Mazkur forum doirasida sogʻliqni saqlash boʻyicha ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.