Qurilish ustidan nazorat joriy qilinadi

  • Obyektlardagi qurilish-montaj ishlari boʻyicha shartnoma majburiyatlarining buzilganligi uchun buyurtmachi foydasiga sud va sudgacha hal qilish tartibida undirilgan jarima (sanksiya) va penyalar, shuningdek, xaridlar jarayoni talablari buzilganda, garov, kafolat, zakalat tarzida taʼminlash uchun kiritilgan davlat xaridlari ishtirokchilari mablagʻlarining 50%i - davlat byudjetiga hamda qolgan 50%i - buyurtmachi xizmati hisobraqamiga yoʻnaltiriladi;
  • buyurtmachi xizmatining shtatlar jadvali va taʼminot harajatlari smetasini roʻyxatdan oʻtkazishda texnik nazorat mutaxassislari uchun xizmat safari xarajatlarining obyektlar joylashgan masofadan kelib chiqib, joriy narxlarda belgilanadi.

Pensiya - soddalashtirilgan tartibda

  • 2005-yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;
  • uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular boʻyicha aniqlangan ortiqcha toʻlovni undirish bekor qilinadi;
  • ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush oʻrtoqlari kelgusida pensiya taʼminotiga ega boʻlishlari uchun oʻz daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq toʻlash huquqi beriladi;
  • pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga koʻra roʻyxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha tayinlanadi va toʻlanadi;
  • pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamgʻarmasining tegishli boʻlimiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
  • pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har 6 oyda Pensiya jamgʻarmasining boʻlimiga kelish hamda masʼul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring oʻtkazish majburiyati bekor qilinadi.

Byurokratiya kamayadi

Quyidagi tartib oʻrnatiladi:

  • fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;
  • notarial harakatlarni amalga oshirishda FHDYO bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha maʼlumot talab qilmasdan, “FHDYOning yagona elektron arxivi” AT orqali olinadi;
  • tadbirkorlik subyekti boʻlgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yigʻim va davlat boji toʻlovlarini toʻlashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida toʻlovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha toʻlangan toʻlovlar va davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda koʻrsatish uchun qoʻshimcha toʻlangan yigʻimlar summasi (tezlashtirilgan tartibda koʻrsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi.

Quyidagilar bekor qilinadi:

  • xorijiy tijorat tashkilotlarining Oʻzbekiston hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda OIV kasalligi yoʻqligi toʻgʻrisidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti;
  • davlat xizmatini koʻrsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Ushbu hujjatlar elektron shaklda YAIDXP orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi;
  • FHDYO organlari tomonidan davlat statistika organlariga dalolatnoma yozuvlarining nusxalarini yuborish va hisobotlarni topshirish amaliyoti;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Agentlik va davlat xizmatlari markazlaridan soʻrash amaliyoti;
  • davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan hamda tadbirkorlik subyektlaridan quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish:
  • ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser va narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • sudlanganlik, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy, soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
  • manzil-maʼlumot axboroti va boshqalar.

Toʻliq roʻyxat bu yerda.

Uy-joy masalasi

Quyidagilar joriy etiladi:

  • ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar toʻlashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:

a) fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkin;

b) subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin;

v) subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT (keyingi oʻrinlarda - Tizim) orqali olish mumkin boʻlgan hujjatlarni (maʼlumotlarni) talab qilish man etiladi;

g) uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnoma ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi;

  • Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshpanasiz, ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarga oylik pul kompensatsiyani toʻlash tartibi joriy qilinadi. U Tizimda roʻyxatga olingan fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun mahalliy byudjet mablagʻlaridan 6 oy davomida oylik ijara toʻlovining 50%i miqdorida, biroq 2,5 BHMdan (612 500 soʻm) oshmagan holda toʻlanadi.

Bolalarga vitaminlar - bepul

Aholining quyidagi toifalari quyidagilar bilan bepul taʼminlanadi:

  • 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
  • 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar “A” vitamini bilan;
  • 2-10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar bilan.

Davlat organlarining funksiyalarini bajarish xususiy sektorga oʻtkaziladi

  • Davlat organlari va tashkilotlarining ichki maʼmuriy-xoʻjalik faoliyatini taʼminlash va saqlash boʻyicha funksiyalarini bajarish xususiy sektorga oʻtkaziladi.

Bunda:

  • Moliya vazirligi olib borilgan tahlillar, samaradorlikni oʻrganish natijalari va aniq hisob-kitoblari asosida salbiy xulosa berishi mumkin – bunda ularni oʻtkazish amalga oshirilmaydi;
  • davlat organlari va tashkilotlari koʻrsatilgan funksiyalarni oʻzi muassis boʻlgan davlat korxonalariga yuklay olmaydi;
  • Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining (DYHXX) nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish boʻyicha faoliyatini toʻxtatiladi. Bunda IIVga quyidagilar topshirildi:

- haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari hamda davlat xizmatlari markazlari bilan oʻzaro axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishini tashkil etish choralarini koʻrish;

- tadbirkorlik subyektlarida haydovchilik guvohnomasini olish uchun oʻtkaziladigan nazariy va amaliy imtihonlar jarayoni ustidan DYHXX vakilining bevosita yoki onlayn nazoratini taʼminlash.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar qoʻllab-quvvatlanadi

  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30%i, biroq BHMning 25 baravarigacha boʻlgan (6 125 000 soʻm) miqdori “yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan kompensatsiya qilinadi;
  • professional taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab-chiqarish yoki xizmat koʻrsatish korxonalarida amaliyot oʻtagan vaqtida, biroq 6 oydan koʻp boʻlmagan muddatda professional taʼlim tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan BHMning ikki baravari miqdorida (490 000 soʻm) har oylik subsidiya ajratiladi;
  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlarida oʻqish xarajatlarining 50%i, biroq umumiy hisobda BHMning 5 baravarigacha boʻlgan miqdori (1 225 000 soʻm) hamda ular boʻyicha milliy sertifikatlar olish uchun oʻtkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlari Yoshlar ishlari agentligiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan kompensatsiya qilinadi;
  • “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning haydovchilik kurslarida oʻqish xarajatlari BHMning 4 baravari miqdorigacha (980 000 soʻm) va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;
  • XK va tashkilotlarga ishga qabul qilingan hamda faoliyat boshlaganiga 6 oydan oshmagan “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida oʻqitish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning BHMning 4 baravarigacha boʻlgan qismi koʻrsatilgan yuridik shaxslarga davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan kompensatsiya qilinadi;
  • yoshlarga xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50%gacha boʻlgan qismi qoplab beriladi.

Tadbirkorlarga - yer, soliqlarni va bojxona toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlash

  • Infratuzilmaga yaqin joylarda, shu jumladan respublika ahamiyatidagi yoʻllarga tutash boʻlgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha unumdorligi past, foydalanishda boʻlmagan qishloq xoʻjaligi yerlarini sanoat va xizmat koʻrsatish obyektlarini barpo etish uchun loyiha asosida investorlarga “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali ajratishga ruxsat beriladi;
  • 3 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat koʻrsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida toʻlab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga koʻra soliq qarzini toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmayotgan tadbirkorlik subyektlariga soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi;
  • 3 yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shugʻullanayotgan, bojxona toʻlovlari boʻyicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga koʻra toʻlovlarni belgilangan muddatda toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmayotgan TIFlariga bojxona toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi.

 

Nargiza Vohidova.