Ish haqi va pensiyalar oshiriladi
Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligi subyektlariga kompensatsiyalar beriladi
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga sertifikatlangan qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari va koʻchatlarini xarid qilish uchun ajratiladigan tijorat banklarining kreditlari boʻyicha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi hamda kredit summasining 50%igacha miqdorida kafillik taqdim etiladi.
Texnik talonlar berilishi bekor qilinadi
Xorijiy davlatlarga chiqadigan transport vositalaridan tashqari barcha transport vositalariga texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi. Jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan M1 toifadagi avtotransport vositalarini tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanish tartibi joriy etiladi.
Avtotransportda tashish xizmatlari – auksion orqali
Monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshiriladi.
Abituriyentlarga imtiyozlar joriy qilinadi, oʻqituvchilarning ish haqi oshiriladi
Oliy taʼlim muassasalarining “Fizika”, “Biotibbiyot fizikasi”, “Fizika va astronomiya” kabi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadasi gʻoliblari va fizika boʻyicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari fizika mutaxassisliklari boʻyicha qabul parametrlaridan tashqari davlat granti asosida magistraturaga oʻqishga qabul qilinadi;
fizika fani boʻyicha xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblarini tayyorlagan professor-oʻqituvchilarga oylik maoshining 100%i miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi;
fizika fanlari boʻyicha talabalar uchun toʻgaraklar olib borayotgan professor-oʻqituvchilarning oylik maoshlariga 25% miqdorida har oylik ustama haq toʻlanadi.
IIV organlarida xizmatni oʻtashga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar oʻzgartiriladi
Ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash tartibiga uzluksiz oʻquv-karyera jarayoni tizimi joriy etiladi;
ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlarida xizmatni oʻtash uchun faqat oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar qabul qilinadi.
Masofaviy taʼlimga nisbatan talablar yumshatiladi
Nodavlat taʼlim muassasalari uchun masofaviy (onlayn) taʼlimga asoslangan nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida binolarning mavjud boʻlishi haqida talab bekor qilinadi.
Tashuvchilar uchun agregatorlar
Yakka tartibdagi tashuvchilar oʻz faoliyatini faqatgina agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida yangi jarimalar joriy etiladi
Ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori boʻlmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Baholash sinov natijalariga koʻra tuziladigan sinov bayonnomalari asosida muvofiqlik sertifikati berilmagan holda amalga oshiriladi;
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jazo choralari belgilandi.
Sport ommaviylashtiriladi
Kamondan otish sport turi boʻyicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralashning uch bosqichli tizimi joriy etiladi;
har yili ot sporti boʻyicha xalqaro turnirlar oʻtkaziladi;
“Sport hamma uchun” loyihasi amalga oshiriladi;
hududlarda yoshlarni muntazam sport bilan shugʻullanishga jalb qilish maqsadida Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi 5 yilda gʻolib va sovrindor (1-3 oʻrin) boʻlgan sportchi-trenerlarga, shuningdek, olis va chekka hududlarda faoliyat yurituvchi sportchi-trenerlarga:
sport toʻgaraklarini tashkil etish uchun boʻsh turgan bino va inshootlar ijaraga beriladi;
sport toʻgaraklarini tashkil etish uchun sport inventarlari, buyumlari va jihozlarini xarid qilish uchun byudjet mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratiladi;
kamida 100 nafar yoshlarni muntazam sport bilan shugʻullanishini tashkil etgan taqdirda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 10 BHMdan kam boʻlmagan miqdorda har oylik toʻlov joriy etiladi.
Sud ekspertlari uchun – qoʻshimcha chora-tadbirlar
Davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga koʻra shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq sud ekspertizasi turlari boʻyicha tadqiqot oʻtkazish huquqi beriladi. Bunda tadqiqot natijalariga koʻra mutaxassis fikri taqdim etiladi;
iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritishda advokatga sudga qadar tayyorgarlik va sud jarayonida davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida ekspertiza oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi. Ekspertiza shartnoma asosida advokat soʻroviga koʻra ekspert xulosasini sud muhokamasida taqdim etish huquqi asosida oʻtkaziladi;
nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har 3 yilda bir marotaba attestatsiyadan oʻtkazish mexanizmi joriy qilinadi.
Davlat organlariga faqat tanlov orqali ishga qabul qilinadi
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50%dan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Oʻtkaziladigan sinov tadbirlarini Internet orqali real vaqt rejimida kuzatish taʼminlanadi.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar joriy etiladi
Oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalar uchun MBning asosiy foiz stavkasi miqdorida va oʻqish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida taʼlim kreditlari beriladi;
Toshkent shahrida Yoshlar biznes maktabi tashkil etiladi
Onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi belgilanadi
“E-auksion” elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi. Unga muvofiq:
ishtirokchilariga auksionda qatnashish uchun ERI kaliti sertifikati beriladi. Sertifikatlar masofadan turib, “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUK tomonidan bepul taqdim qilinadi;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan obyektlarni auksionga chiqarish uchun toʻlanadigan yigʻim bekor qilinadi.
Uzumchilik klasterlari tashkil etiladi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2 nafardan 10 nafargacha xodimlardan iborat, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha doimiy loyiha ofislari tashkil etiladi;
aholi tomorqalarida, mahallalarda uzum yetishtirishni kengaytirishning yangi mexanizmi joriy etiladi;
uzumchilik va vinochilik klasterlari uchun yer maydonlari Prezidentning 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmonida belgilangan tartibda ajratiladi.
Migrantlarga kompensatsiya toʻlanadi
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga oʻqigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga quyidagilar bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya toʻlanadi:
xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish;
yoʻl chiptasini xarid qilish;
rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish.
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar qoʻllab-quvvatlanadi
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga navbatga qoʻyilmagan holda joylashtiriladi;
ularga texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy taʼlim muassasasida oʻqiyotgan davrida har oʻquv yilida bir marotaba oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar xarid qilish xarajatlari uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 5 BHM miqdorida subsidiyalar ajratiladi;
oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining quyidagilar boʻyicha xarajatlari 1 yilda 20 BHM miqdorida kompensatsiya qilinadi:
nodavlat taʼlim tashkilotlarida xorijiy tillarni oʻrganish;
oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun imtihon topshiriladigan 2 ta fan boʻyicha tayyorgarlik;
oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, kompyuter savodxonligi va oʻzlarining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yoʻnalishlar boʻyicha kurslarida oʻqish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oʻqishni davlat oliy taʼlim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan stipendiya toʻlovlari 50%ga oshirilgan holda toʻlanadi.
Bolalarni himoya qilish davlat organlari tashkil etiladi
Bolalar huquqlari kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida quyidagilar tashkil etiladi:
Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati tarkibida Bolalarni himoya qilish masalalari shuʼbasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati;
tuman (shahar) hokimliklarida bolalarni himoya qilish shuʼbalari.
Kam taʼminlangan oilalarga nafaqa toʻlash tartibi oʻzgartiriladi
14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga toʻlguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi oʻrniga kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi joriy etiladi;
yakka-yolgʻiz boʻlgan fuqarolarga, farzandi boʻlmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta boʻlgan kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi;
bolalar nafaqasining quyidagi har oylik miqdori belgilanadi:
250 000 soʻm – 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bitta farzandi uchun, 325 000 soʻm – yoshi 3 yoshgacha boʻlgan bitta kichik farzandi uchun;
150 000 soʻm – oilaning ikkinchi farzandi uchun qoʻshimcha;
100 000 soʻmdan – oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;
kam taʼminlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori belgilanadi – 380 000 soʻm.
Tugʻilganlikni qayd etish – kompleks asosda
Respublika boʻyicha tugʻilganlikni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlari koʻrsatiladi.
Pedagog kadrlar yil davomida attestatsiyadan oʻtkaziladi
Malaka toifasini berish va saqlab qolish boʻyicha maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish yil davomida amalga oshiriladi.