Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli bu yoʻnalishda yangicha tizim shakllantirilib, Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filiallari hamda ularning tuman va shahar boʻlimlarining moddiy-texnik bazasi yana-da mustahkamlandi.
Buning natijasida yildan yilga aholining ushbu xizmatga boʻlgan ishonchi ortib bormoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, oʻtgan 2020-yilda yurtimiz aholisi tomonidan “103” xizmatiga 11 million chaqiriq kelib tushgan boʻlsa, 2021-yilning birinchi choragiga kelib, bu koʻrsatkich 2 million 709 ming 135 tani tashkil etdi.
Shundan Fargʻona, Andijon viloyatlarida 300 mingdan ziyod, Toshkent, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda poytaxtimizda esa 200 mingdan ortiq chaqiriqlar qayd etildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, oʻtgan yilning ayni shu davriga kelib, yurtdoshlarimiz tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 3 milliondan ziyod chaqiriq kelib tushgan edi. Buni esa 2020-yildagi pandemiya sharoiti bilan bogʻlash oʻrinli. Boisi, karantin davrida “COVID-19” infeksiyasini yuqtirish xavfi tufayli uydan chiqishni istamagan fuqarolarning aksariyati “tez yordam”ga qoʻngʻiroq qilgan.
Taʼkidlash lozimki, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarga qaramay, sohada yechimini kutayotgan muammolar, hal etilishi zarur boʻlgan masalalar ham yoʻq emas. Misol uchun, baʼzan tez tibbiy xizmat xodimlari yordamga muhtoj bemor oldiga oʻz vaqtida yetib bora olmagan holatlar kuzatiladi.
Xoʻsh, “103” xizmati zarur xodimlar, zamonaviy hamda barcha zarur tibbiy jihozlarga ega ixtisoslashgan avtotransport vositalari bilan toʻliq taʼminlangan boʻlsa-yu, nega “tez yordam” xizmati kechikmoqda?
Bunga asosiy sabab sifatida fuqarolar tomonidan boʻladigan asossiz chaqiriqlarni keltirib oʻtish mumkin. Asossiz chaqiriqlarga manzili aniq koʻrsatmaslik, yetib borganda eshik ochmaslik yoki bemorning joyida boʻlmasligi, chaqiriqni rad etish kabi holatlar kiradi.
Bu boradagi raqamlarni tahlil qilsak, 2021-yilning birinchi choragida fuqarolar tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 2 mingga yaqin asossiz chaqiriq kelib tushgan.
Bunday chaqiriqlarning eng koʻpi
Surxondaryo viloyatida qayd etilib, bu raqam 497 tani tashkil qildi. Shuningdek:
Fargʻona viloyatida 387 ta,
Toshkent viloyatida 249 ta,
Qashqadaryo viloyatida esa 204 ta asossiz chaqiriq tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushdi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, 2020-yilning ayni shu davrida 3 mingga yaqin asossiz chaqiriq qayd etilgan.
Toʻgʻri, aholimizning tibbiy savodxonligi, shaxsiy masʼuliyati ortishi natijasida bu raqamlar yildan yilga kamayib bormoqda. Biroq har bir asossiz chaqiriq tufayli oʻsha vaqtda boshqa bir insonning hayoti xavf ostida qolishi mumkinligini barchamiz yodda tutmogʻimiz zarur.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.