Shubhali taksi avtomashinasiga o‘tirishdan ehtiyot bo‘ling!

    Xavfsizlik 21 Dekabr 2020 1833

    Toshkent shahrida yo‘lovchilarni tunaydigan taksi haydovchilari paydo bo‘lgan.

    4 dekabr soat 23:30 da, 23 yoshli Aziz yana ikki nafar sherigi bilan jinoiy til biriktirib, jinoiy sherigi Nodirjonning boshqaruvigi «Lacetti» rusumli avtomashinada Uchtepa tuman 23–mavzesi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtlarida yo‘l yoqasida taksi to‘xtatib turgan 31 yoshli Suyunxonni Yashnobod tuman Qo‘yliq bozori tomonga olib borib qo‘yishga kelishgan.

    Avtomashinaga o‘tirganidan keyin, Suyunxonni mast ekanligini bilgach, uning uxlab qolganligidan foydalanib, odamlar qatnovi kam bo‘lgan Sergeli tuman Toshkent Xalqa Avtomobil yo‘li Pastdarg‘om mahallasida joylashgan metro qurilishi olib borilayotgan hududdagi qorong‘u joyga olib borgan.

    Keyin esa Suyunxonni avtomashinadan tushirgan, hamda Nodirjon orqasidan kelib, uni o‘ng chap yuziga qo‘lining mushti bilan urib, yerga yiqitib, urib do‘pposlab, yuzi bilan yerga qaragan holatda yotqizib, qo‘lini orqasiga qayirib, shimining orqa cho‘ntagidan 350 ming so‘m pullari, 800 000 so‘mlik «Samsung J-5» rusumli uyali telefon apparati, qo‘lidagi bahosi 3 million so‘mlik erkaklar tilla uzugi, egnidagi 320 000 so‘mlik kurtkasini hamda uning cho‘ntagidagi 850 dollar miqdoridagi pullarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringanlar.

    Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, fuqaro Suyunxonga «engil» tan jarohati yetkazilganligi aniqlangan.

    Tergovga qadar tekshiruv jarayonida, Nodirjondan «Samsung J-5» rusumli uyali telefon apparati va Soxibjondan esa bir dona erkaklar kurtkasi tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

    Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Aziz va uning sheriklari Soxibjon, va Nodirjonlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi «b» bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

    Dastlabki tergov jarayonida, Aziz, Soxibjon va Nodirjonlar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

    Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti.