Shuhrat Abdurahmonov investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlarni maoshni “halollab” olishga chaqirdi

    Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov investitsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarining faoliyatidan noroziligini bildirib, ular maoshini “halollab” olmayotganini aytdi.

    Bu haqda u 22-aprel kuni Bobur shahrida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan, faoliyat olib borishida turli qiyinchiliklarga uchrayotgan tadbirkorlar bilan muloqotda soʻz ochdi.

    «Investitsiya boʻyicha oʻrinbosar lavozimiga oʻtirganiga 3-yil boʻldi. Nima qilding 3-yil davomida? Hech vaqo qilmagan. Vaholanki, oyma-oy oyligini olyapti. Ishlash uchun toʻliq sharoitlar qilib berilgan. Yegani oldida, yemagani ortida. Xohlagan davlatiga borib kelishi mumkin davlat hisobidan, faqat natija boʻlsa… Axir yurtga, jamiyatga biror foydasi tegishi kerak-ku», deydi hokim.

    Shuningdek, u 10-15-yildan buyon Xitoyda yurgan yigitlar unga vakil boʻlgani, lekin Andijonda oylik olib, jamiyatga “bir soʻmlik foydasi tegmayotgan”lar oʻtirganini taʼkidlagan.

    “Oyligini ham halol olmasdan lavozimda oʻtirganlar bor. Shuning uchun ularga 10 kun muhlat berdim”, deydi Abdurahmonov.

    Muloqot davomida hokim andijonliklarga, shijoatli yoshlarga, andijonlik boʻlib chet davlatlarda oʻqib, ishlab yurgan fuqarolarga murojaat qilib, viloyatdagi barcha shahar va tuman hokimlarining investitsiya boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tanlov eʼlon qilgan.

    «Oʻqimishli, til biladigan, diplomatiyadan oz boʻlsa-da xabari bor, investor jalb qilish, investitsiya olib kirishda malakasi boʻlgan andijonlik yigit-qizlarni ishga qabul qilaman. Marhamat, murojaat qilinglar, hamkorlik qilishga tayyorman!», deydi hokim.