“Shunqorlar” – 2024: Xorazm viloyati jamoasi kubokni yana o‘zida saqlab qoldi

    Sport 24 Iyun 2024 76

    “Yoshlar oyligi” doirasida joriy yilning 20-22-iyun kunlari Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” dala o‘quv maydonida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Respublika bosqichi o‘tkazildi.

    Mazkur o‘yinlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlarni Vatanga sadoqat va yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiriqqa qadar yoshlarni Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga qiziqishini oshirib borish hamda ularni ruhan va jismonan chiniqtirishdan iboratdir.

    Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda istiqomat qilayotgan 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 140 nafar yoshlardan tashkil topgan 14 ta jamoa uchta blokdan iborat sinovlardan o‘tkazildi.

    “Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa a’zolarining O‘zbekiston harbiy tarixiga doir bilimlari tekshirildi. Shuningdek, saf qo‘shig‘i va “Biz – bir jamoamiz!” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi.

    “Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va to‘liq yig‘ish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardilar.

    “Sport bloki”da duatlon, 100 metr masofaga yugurish va turnikda tortilish bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdilar.

    “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari davomida yoshlarning g‘alabaga kuchli intilishlari, shijoatlari va harbiylikka bo‘lgan qiziqishlari yaqqol sezilib turdi.

    Do‘stona ruhda, shu bilan birga shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichida Xorazm viloyati jamoasining qo‘li baland kelib, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, Xorazm viloyati jamoasi 2022-yildan buyon tengsizligini isbotlab, kubokni o‘zida saqlab kelmoqda.

    2-o‘rin Toshkent viloyati viloyati, 3-o‘rin esa Andijon viloyati jamoalariga nasib etdi.

    Yakunda g‘oliblik va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar a’zolari “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati tomonidan diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

    Shuningdek, mazkur o‘yinlar doirasidagi turli musobaqalarda yuqori natijalarni ko‘rsatgan 8 nafar yigit va qizlar sport razryadlariga ega bo‘ldilar.

    Ta’kidlash joizki, respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari “Vatanparvar” tashkilotining “Vatanparvarlik – oliy maqsadimiz!” konseptual harbiy-vatanparvarlik g‘oyasi ostida yoshlarni birlashtirishga mustahkam zamin yaratdi.

    2024-yilning mart oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi, Yoshlar ishlari agentligi hamda bir qator vazirlik va idoralar o‘rtasida “Shunqorlar” harbiy-vatanparvarlik spartakiadasini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori imzolangan bo‘lib, ushbu hujjatda “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining mahalla, tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlari o‘tkazilishi belgilangan.

    Yana bir muhim ma’lumot: “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining bayrog‘i va emblemasi yaratilgan bo‘lib, asosiy ramzi sifatida shunqor qushi tanlangan. Bu bejiz emas, chunki shunqor lochinsimonlar oilasiga mansub kuchli, abjir qush hisoblanadi va u ko‘chma ma’noda mard, jasoratli, kuchli shaxsga nisbatan ham qo‘llaniladi.

    O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi

    “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati