Shvetsiya naqd puldan voz kechadi...mi?

    Koronavirus pandemiyasi sababli Shvetsiya naqd pul muomalasidan butunlay voz kechishi mumkin, deb yozmoqda Bloomberg.

    Qayd etilishicha, Shvetsiya shundoq ham naqd pul muomalasi boʻyicha dunyoda eng past koʻrsatkichga ega. Xalqaro hisob-kitoblar bankining 2018-yilgi maʼlumotlariga koʻra, mamlakat YAIMning 1,3 foizi naqd pulga toʻgʻri kelgan. Taqqoslash uchun, AQSHda bu koʻrsatkich 8,2 foizni, Yevrohududda esa 10,9 foizni tashkil etgan.

    Raqamli pullarga oʻtishda koʻplab ustunliklar mavjud boʻlishi bilan birga, muammolar ham yuzaga kelishi mumkin, deb yozadi Bloomberg.

    Agentlik raqamli tarmoqlarda uzilishlar sodir boʻlib, eski tizimga qaytish uchun naqd pul yetarli boʻlmagan holda nima boʻlishi mumkin degan savolni beradi. Agentlik shuningdek, kiberhujumlar xavfiga ham eʼtibor qaratgan.

    Shvetsiyaning Klarna onlayn-banki maʼlumot berishicha, pandemiyaga qadar uning mijozlari 63 foiz holatda kontaktsiz toʻlovdan foydalangan boʻlsa, hozirda bu koʻrsatkich 73 foizga yetgan.

    “Odamlar pul ushlashni xohlashmayapti”, dedi bankning mijozlar bilan ishlash boʻyicha menejeri Viveka Soderbak.

    Qayd etilishicha, kunlik xarajatlar uchun ota-onalaridan pul oladigan bolalar soni ham koʻp emas. Iyunda oʻtkazilgan soʻrovlardan maʼlum boʻlishicha, faqat 16 foiz bolalargina ota-onalaridan naqd pul olishadi. Oʻz navbatida Shvetsiyaning eng yirik Svenska Handelsbanken banki bolalar smartfon orqali boshqarishi mumkin boʻlgan raqamli hamyonlarni taklif etmoqda.