Shveysariya Konfederatsiyasi hukumati 2000-yildan buyon Oʻzbekiston bilan suv xoʻjaligi sohasida hamkorlik qilib keladi.
Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda 2016-2019-yillarda “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning birinchi bosqichi amalga oshirildi. 2020-2023-yillarda loyihasining ikkinchi bosqichi hayotga tatbiq etildi.
Quyi tizim tashkilotlarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash, mutaxassislarning malakasini oshirish, vazirlik tizimidagi kollejlarni oʻquv dasturlari va koʻrgazmali vositalar bilan taʼminlashda yordam koʻrsatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi hamda Suv kodeksini ishlab chiqishda ham loyiha amaliy koʻmak berdi.
Tadbirda “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning uchinchi bosqichi boʻyicha bitim imzolandi.
Loyiha uchinchi bosqichining umumiy byudjeti 3,55 million dollarni tashkil etib, 2024-2027-yillar davomida amalga oshiriladi. Bitimni Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Xamrayev va Shveysariya Konfederatsiyasining Oʻzbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy imzoladi.
Dilshod Ulugʻmurodov.