SIA rahbariyati va xorijiy ekspert oʻrtasida tajriba va gʻoyalar almashildi

    Xalqaro hamkorlik 29 Mart 2024 980

    Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va Turkiyalik ekspert Xakan Yurdakul oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda shuningdek Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov, direktor oʻrinbosari Rustamxon Azizov va Agentlikning boshqa xodimlari ishtirok etdilar.

    Xakan Yurdakul moliya, axborot texnologiyalari va bir qancha davlat idoralarida faoliyat yuritgan. Sharqiy Yevropa, Fors Koʻrfazi, Shimoliy Afrika davlatlarida mehnat faoliyatini olib borgan. Rivojlanayotgan bozorlar, sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida, mahalliy va xorijiy davlat sektori, xalqaro moliya tashkilotlari, investorlar bilan birgalikda foyda va zararni aniqlovchi biznes modellarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish bilan shugʻullangan.

    Yigʻilish avvalida Agentlik rahbari Xakan Yurdakulga muvofiq Agentlik oldiga qoʻyilgan keng koʻlamli vazifalar haqida maʼlumot berdi. Bundan tashqari, Agentlik rahbariyati xorijlik mutaxassisni Agentlik vazifalari bilan qisqacha tanishtirdi. Xakan Yurdakulga 2024-yilda amalga oshirish rejalashtirilgan chora-tadbirlar koʻlami, xususan, 61 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, 16 ta qonun, 26 ta Prezident farmoni va qarori, 19 ta Hukumat hujjati loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha vazifalar xususida maʼlumot berildi.

    Xakan Yurdakul oʻz navbatida Oʻzbekiston bozorini tahlil qilish natijalarini SIA rahbariyatiga taqdim etdi. Muhokama chogʻida tomonlar Turkiyaning turli sohalardagi muvaffaqiyatli tajribasini Oʻzbekiston sharoitlariga moslashtirish muhimligi haqida oʻz fikrlarini bildirdilar. Jumladan xizmat koʻrsatish, tibbiy turizm, shuningdek, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga sarmoya jalb etish masalalari koʻtarildi. Xorijiy sarmoyani jalb etishning muvaffaqiyatli yoʻllari, eksport va import oʻrnini bosish dasturini samarali amalga oshirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Uchrashuvning asosiy qismi davlat-xususiy sheriklik (DXSH) istiqbollari va Oʻzbekistonning geografik joylashuvidan iqtisodiy maqsadlarda foydalanish masalalarini muhokama qilishga bagʻishlandi. Turkiyalik mutaxassis aholi ehtiyojlarini qondirish, mavjud talabga eʼtibor qaratish zarurligiga alohida urgʻu berdi, deb xabar beradi Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati.

    Muhokama natijalari mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va farovonligiga erishishga qaratilgan yangi reja va loyihalarni ishlab chiqish uchun asos boʻlishi kutiladi.