Tadbirda Shensi provinsiyasi gubernatori oʻrinbosari Van Xaypen, “Zhejiang Loong Airlines” aviakompaniyasi prezidenti Gao Inchjan, Sian xalqaro aeroporti bosh direktori Tan Shaofey, Xitoy shimoli-gʻarbiy mintaqasi fuqaro aviatsiyasi maʼmuriyati rahbari oʻrinbosari Niu Szyunmin va Oʻzbekiston elchixonasi vakillari nutq soʻzlab, Sian -Samarqand -Sian yoʻnalishida amalga oshiriladigan mazkur parvozning ahamiyatiga atroflicha toʻxtalib oʻtdilar.
Marosimda Xitoyning 20 ga yaqin sayyohlik kompaniyalari, 30 ga yaqin madaniyat va turizm sohasi hamda 10 dan ziyod ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Siandagi xorijiy diplomatiya vaekolatxonalari xodimlari ishtirok etdi.
Mehmonlarga soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar hamda mamlakatimizning turizm salohiyati haqida batafsil soʻzlab berildi.
Ayni vaqtga kelib, ikki mamlakat oʻrtasidagi parvozlar soni haftasiga 20 taga yetkazilganligi bildirildi.
Ushbu parvozlar “Uzbekistan Airways”, “Zhejiang Loong Airlines” “China Southern Airlines” aviakompaniyalari tomonidan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, amalga oshirilayotgan reyslar Pekin -Toshkent oʻrtasida 7 ta, Urumchi -Toshkent oʻrtasida 5 ta, Sian -Toshkent oʻrtasida 3 ta, Chendu-Toshkent oʻrtasida 3 ta va Sian -Samarqand oʻrtasida 2 ta ekanligi maʼlum qilindi.
Tadbir soʻnggida Xitoy tomoni bilan mazkur yoʻnalishdagi tizimli ishlarni izchil davom ettirishga xususan, sohaga oid shartnomaviy-huquqiy bazani yanada takomillashtirgan holda yaqin kelajakda ikki mamlakat oʻrtasidagi parvozlar sonini haftasiga 100 taga yetkazishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.