Sifat foydadan ustun

    Jahon sifat kuni dunyoning koʻplab mamlakatlarida noyabr oyining ikkinchi payshanba kuni keng nishonlanadi.

    Ushbu sana munosabati bilan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Jizzax viloyati hududiy boʻlinmasi bilan hamkorlikda “Daladan dasturxongacha” tamoili asosida mahsulotni tashish, saqlash va uni sifatli tarzda isteʼmolchi dasturxoniga yetkazib berish zanjirini OAV orqali keng jamoatchilikka yetkazish mavzusida media-tur tashkil etildi.

    Tadbir tashkilotchilari ishtirokchilarga mahsulot ishlab chiqarish, saqlash, isteʼmolchilarga yetkazish jarayonlarini “Korzinka.uz” savdo tarmogʻi misolida tanishtirdilar. Media-tur ishtirokchilari ushbu savdo tarmogʻining Zomin va Jizzaxdagi filiallari faoliyati bilan tanishdilar, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlarini koʻzdan kechirdilar.

    – Sifat har bir ishlab chiqaruvchining muvaffaqiyat kalitidir, – deydi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi matbuot kotibi Abdurauf Rasulov. – Shuning uchun ham har yili Butunjahon sifat kuni dunyoning koʻplab mamlakatlarida keng nishonlanadi. Ushbu kunning asosiy maqsadi, yuqori sifatli mahsulotlar va xizmatlarning ahamiyatini oshirish, shuningdek sifatga erishishdagi muammolarga eʼtiborni qaratish tadbirlarni faollashtirishdan iborat.

    Yurtimizning ham sifat sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadi, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun ichki va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarimiz va xizmatlarning raqobatdoshligini taʼminlash, ijtimoiy masalalarni hal qilish va pirovardida fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashdan iboratdir.

    Farhod NEʼMATOV,
    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.