Olti yarim yil. Menimcha, mana shu davr milliy rivojlanishimiz uchun katta oʻzgarish yasadi. Tobora intensiv rivojlanayotgan davlatimiz taraqqiyotning har tomonlama muvozanatli kechishi uchun jiddiy qadamlar qoʻymoqda. Bugun Yangi Oʻzbekistonning jahondagi ijobiy imijini mustahkamlash, samarali tashqi va ichki siyosat yuritish mutaxassislar zimmasiga har qachongidan-da masʼuliyatli vazifalar yuklayapti. Bunday murakkab vazifalarni samarali bajarish sifatli taʼlim olayotgan, xalqimiz va Vatanimiz manfaatlarini hamma narsadan ustun qoʻyadigan malakali milliy kadrlarga bogʻliq.
“Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir”, dedi Prezidentimiz Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasida. Demak, sohada boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish, taʼlimtarbiya muassasalarida mavjud muammolarni oʻqituvchilar bilan birgalikda hal qilish, umuman, taʼlim sifatini har tomonlama yaxshilash boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish va bir-birimizga koʻmaklashishimiz juda muhim. Bunday masʼuliyatli ishda har birimiz faol ishtirok etishimiz va barcha imkoniyatlarni safarbar etishimiz kerak.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Harbiy taʼlim va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida, milliy oʻzligimiz, ezgu qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirish barchamizning eng muhim vazifamizdir”. Asl muallim va murabbiylar ilm-fan, odob-axloq, halol mehnat va haqiqatni sevadigan kamtar avlodni yetishtirib bersagina taraqqiyot yoʻlidagi koʻplab toʻsiqlar bartaraf etiladi. Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlar tajribasi shundan dalolat beradi.
Demak, butun diqqat-eʼtiborni Yangi Oʻzbekistonni barpo etish uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlim sifatini qoʻllab-quvvatlashga qaratmogʻimiz lozim. Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yoʻlida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, oʻchmas sahifa boʻlib qoladi... Mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini, sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir boʻlgan Qurolli Kuchlar barpo etildi”, deya taʼkidladi.
Hozir jahondagi murakkab vaziyat bizdan ishning koʻzini bilib, kechayu kunduz fidoyi boʻlib, samarali mehnat qilishni talab etadi. Amalga oshirilgan ishlarga qoʻshimcha ravishda yangi, zamonaviy harbiy taʼlim tizimi joriy etildi, bir qator harbiy taʼlim muassasalari tashkil etilib, kursantlarni oʻqitish koʻp tarmoqli asosda yoʻlga qoʻyildi. Yuqori boʻgʻin qoʻmondonlik ofitserlarini tayyorlash hamda mudofaa qurilishi sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish yangi bosqichga olib chiqildi.
Bu borada, ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi gʻoyat muhim oʻrin egallab kelmoqda. Ochigʻini aytganda, Qurolli Kuchlar akademiyasi mamlakatimizning boshqa oliy harbiy taʼlim muassasalariga muqobil va raqobatchidir. Demak, bitiruvchilar oʻz yoʻnalishi boʻyicha namuna boʻlishi kerak. Ular siymosida harbiy ish sir-asrorini puxta egallagan, buyuk sarkardalarimizning jangovar ruhi va mahorati aks etgan Yangi Oʻzbekiston harbiylari, ofitserlari gavdalanishi lozim.
Davlat va jamiyat taraqqiyoti inson omiliga bogʻliq ekan, uning saviyasini, bilim va salohiyatini yuksaltirish eng dolzarb masalaga aylanadi. Prezidentimiz yurtimiz boʻylab qaysi korxona yoki tashkilotda boʻlmasin, mutasaddilar bilan uchrashmasin, albatta, uchta soʻzni takrorlashi va talab etishi bejiz emas. Bular — sifat, samara va natijadorlik. Qilingan har bir harakatning natijasi va samarasi sifatga bogʻliq boʻladi. Mana shu sifatni esa yaxshi taʼlim olgan yetuk kadrlar taʼminlaydi.
Shu oʻrinda amerikalik psixolog Linda Juellning fikrlarini keltirish oʻrinli: “Aql bilan boshqalarni lol qoldirish qiyin boʻlgan, qahramonlik koʻrsatish imkoniyati cheklangan hozirgi tezkor zamonda xodimlar mavqeini oshirib, liderlar taʼsirini susaytirishga qaratilgan boshqaruv ancha samarasiz boʻladi. Odamlarga erkin faoliyat yuritish va samarali ishlash yoʻnalishini belgilab beradigan rahbarni super lider deb baholash kerak. Demak, super liderlarning boshqarish doirasi keng boʻlgani uchun atrofida oʻzidan lavozim boʻyicha pastroq, lekin rahbarlik qilib obroʻ orttirgan odamlarning boʻlishi manfaatlidir”.
Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda Vatanga muhabbat hissi Prezident timsoli orqali xalqimiz milliy manfaatlarini himoya qilish hamda turmush tarzi farovonligini oshirish hisoblanadi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti va ravnaqi, uning Osiyodagi qudratli, rivojlangan davlatga aylanishi hamda dunyoda hech kimdan kam boʻlmasligini taʼminlash asosiy vazifa boʻlib qoladi.
Akademiyada chuqur harbiy taʼlim va jangovar tarbiya berish bilan birga, yoshlarning nazariy bilimini amaliyot bilan uygʻunlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, professor-oʻqituvchilar, katta tajribaga ega amaliyotchi ustozlarning kursant va tinglovchilar uchun maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy-ruhiy hamda vatanparvarlik dunyosini, shuningdek, jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan imkoniyatini yanada kengaytirish talab etiladi. Buning uchun ularga ijodiy amaliy vaqt yaratib berish, uni mazmunli oʻtkazishga sharoit hozirlash juda muhim.
Yaqin oʻtmishga nazar tashlasak, oʻquv yili ibtidosi pedagoglarning yozilmagan yillik ish rejasida paxta terimi mavsumi boshlanishini anglatardi. Qahraton qishga qadar davom etadigan bu mavsumni boʻlgʻusi ofitserlar va professor-oʻqituvchilar yollanma terimchi sifatida paxta dalasida oʻtkazardi. Yoz oylarida esa ular gʻalla yigʻim-terimi va boshqa qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilinardi. Bundan tashqari, obodonlashtirish, aholidan kommunal toʻlovlarni yigʻish, qurilish ishlarida ham dastyorlik muayyan darajada ular zimmasida edi.
Prezidentimizning oʻtgan yil 23-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan akademiyamizda harbiy kadrlarni tayyorlashning yangi davri boshlandi. Jumladan, professor-oʻqituvchilarning tajribasidan kelib chiqib, “Milliy iftixor, burchga sadoqat va jasorat” tamoyili asosida “ustoz-shogird” tizimi joriy etildi. 2022/2023 oʻquv yili mobaynida tajribali professor-oʻqituvchilar barcha kursantlarga biriktirildi. Harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakultetining 1-2bosqich tinglovchilari 2-4-bosqich kursantlariga biriktirildi hamda ular bilan reja asosida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Taʼlim nafaqat davlatning, balki butun xalqning diqqat markazida boʻlsagina sifat va samaradorlikka erishish mumkin. Birinchi navbatda, bu masalaga ota-onalar va maktab pedagoglari jamoalarining eʼtiborini oshirish darkor. Chunki maktabda millat kelajagi tarbiyalanadi. Oʻquvchilarni quyi sinflardan boshlab milliy oʻzligimiz va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, boy tarixiy merosimizni oʻrgatish asosida ularda mamlakat taqdiri uchun javobgarlik hissini, yuksak harbiy-vatanparvarlik va harbiy kasbga qiziqishni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchidan, umumtaʼlim maktablari, maxsus maktab va litseylar bitiruvchilariga alohida urgʻu berilishi bejiz emas. Umumtaʼlim va Jaloliddin Manguberdi maktablarida, shuningdek, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyida “akademiya guruhlari”ni tashkil etish katta ahamiyatga ega. Ulardagi oʻquvchilar orasidan harbiy kasbni tanlaganlar tanlov orqali qabul qilinadi. Bu ularning akademik taʼlimdagi oʻqish va oʻzlashtirishdagi natijadorligiga ulkan imkoniyat yaratadi.
Milliy armiyamiz moddiy jihatdan eng zamonaviy va zarur vositalar bilan taʼminlangan boʻlishi mumkin, lekin maʼnaviy va axloqiy-ruhiy jihatdan zaifligi, jangovar ruhi, Vatanga sodiqlik va muhabbat, uning taqdiri uchun masʼuliyat hissi yoʻqligi yoki loqaydlik tuzatib boʻlmas oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun sifat jihatidan maʼnaviy-maʼrifiy va jangovar tayyorgarlikni amalga oshirishga qaratilgan hamda amaliyot bilan bogʻlangan taʼlim tizimini joriy etish muhim ahamiyatga ega.
Kursantlarda milliy gʻurur va jangovar ruhni tarbiyalash, ularning jismoniy va intellektual imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish maqsadida tarix va milliy harbiy meros, milliy musiqa va cholgʻu, baxshichilik, rassomlik, harbiy jurnalistika, shaxmat”, “Zakovat” klubi, milliy kurash, oʻzbek jang sanʼati, qoʻl va pichoq jangi, suzish, boks, tosh koʻtarish, yengil atletika, shuningdek, inson jismoniy takomillashuvining zamonaviy usullarini oʻzida mujassam etgan krossfit toʻgaraklari tashkil etildi.
Shu oʻrinda Prezidentimizning “Buyuk tariximiz, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulugʻ ajdodlarimizning sarkardalik mahorati va dunyo harbiy sanʼati rivojiga qoʻshgan hissasi hamda ularning qoʻshinlaridagi lashkarboshilarning sadoqati va mardligini shaxsiy tarkib oʻrtasida keng targʻib etish lozim”, degan fikrlarini eslatish joiz.
Shunga koʻra, akademiyada Boburning hayoti va faoliyati qiyosiy-tahliliy oʻrganiladi. Uning qalamiga mansub ruboiylar harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilmoqda, sarkardalik mahorati va shoirlik faoliyati aks ettirilgan videolavha tayyorlanib, internet sahifalariga joylashtirilmoqda. Akademiyada tashkil etilgan “Kursantlar teatri” toʻgaragi tomonidan sarkardaning dunyo harbiy sanʼati rivojida muhim ahamiyat kasb etgan Panipat jangi sahnalashtirildi. Boburshunos olimlar ishtirokida professor-oʻqituvchilar, kursant va tinglovchilar bilan “Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy sanʼati” mavzusida maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Ayni kezda Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgan kursantlar guruhi tomonidan oʻrta asrlar jang maydonidagi qoʻshinlar manyovri boʻyicha sarkarda tomonidan asos solingan oʻziga xos usul — toʻlgʻamaning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi animatsion roliklar yaratish, ilmiy tadqiqotlar markazi tomonidan esa “Zahiriddin Muhammad Boburning dunyo harbiy sanʼatiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazishga tayyorgarlik olib borilmoqda.
Ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, yosh harbiy kadrlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish hamda salohiyatini oshirish boʻyicha akademiyada qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi toʻrt yilda oʻquv muassasasining ilmiy salohiyati 19,4 foizdan 47 foizga koʻtarildi. Akademiya doktoranturasida harbiy fanlar sohasining 19 ta ixtisosligi boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Ilmiy pedagogik kadrlar va izlanuvchilar uchun harbiyilmiy faoliyatni tashkil etish va boshqarish sohasida qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etildi. Oʻtgan yili akademiyaning 9 nafar tadqiqotchisi falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Shu bilan birga, 13 nafar professor-oʻqituvchiga dotsent va professor ilmiy unvonlari taqdim etildi. Natijada akademiya ilmiy salohiya ti 53 foizga koʻtarildi. 2023-yilning yakuniga qadar ilmiy salohiyatni 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Yuqori koʻrsatkichlarga erishish uchun barcha safarbar etildi va oqilona mexanizm sifatida ilmiy ekspert guruhi shakllantirildi. Oʻtgan yilda akademiya professoroʻqituvchilari va ilmiy xodimlari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ajratilgan 5 ta loyihani muvaffaqiyatli yakunladi. Hozir 20212023, 20232025-yillarga moʻljallangan, jami 5,2 milliard soʻmlik 5 ta loyiha ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Ulugʻ muallim Konfutsiy “Umrida yiqilmagan kishi buyuk emas, necha bor yiqilgan, ammo oʻrnidan shahd bilan turib, oʻziga ishonch bilan oldinga intilgan odam buyukdir”, degan. Uning yana bir fikri shuki, yoʻlga maqsadsiz chiqqan inson, shubhasiz, falokatga yoʻliqadi. Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoasi soʻnggi yillarda erishgan yutuqlari, yoʻl qoʻygan xatokamchiliklarini xolis baholab, ularni qayta takrorlamaslik tadorigini koʻrib, aniq maqsad bilan oldinga intilmoqda.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida, jumladan, bunday dedi: “Eng bebaho oliy neʼmat — tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulugʻ boylikni asrab-avaylaylik! Shu maqsadda biz yoshlarimizni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada koʻproq ahamiyat berishimiz kerak”.
Shunday ekan, barcha ezgu maqsadlarga erishish yoʻlida bor imkoniyatimizni ishga solib, kursant va tinglovchilar bilan har bir mashgʻulot yoki tadbirga jamiyatimiz saodatining asosiy sharti sifatida chuqur yondashsak, harbiy kadrlar tayyorlashda sifat, samara va natijadorlikka erishamiz, albatta.